Qoraqalpogʻiston yoshlari uchun qoʻshimcha oliy ta’lim kvotalari yaratildi

2025/2026-oʻquv yili uchun Qoraqalpogʻiston yoshlari oliy ta’limga qabulda qoʻshimcha imtiyozlarga ega boʻlishadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Birinchidan, 68 ball va undan yuqori natija koʻrsatgan 500 nafar abituriyent maqsadli qabul parametrlari asosida talabalikka tavsiya etiladi. Roʻyxatdan oʻtish my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, 200 nafar abituriyent uchun qoʻshimcha qabul imkoniyati yaratiladi. Ular 29-sentabrdan 6-oktabrgacha roʻyxatdan oʻtib, 12-oktabrda test topshiradi va natijalariga koʻra talabalikka tavsiya etiladi.
Uchinchidan, Qoraqalpogʻiston yoshlari uchun respublika oliy ta’lim muassasalarida 7 225 ta qoʻshimcha kontrakt asosidagi oʻrinlar ajratildi. Bu oʻrinlar 56,7 va undan yuqori ball toʻplagan, lekin talabalikka qabul qilinmagan abituriyentlar uchun moʻljallangan.
Shuningdek, maqsadli grant asosida qabul qilingan talabalar bitiruvdan keyin kamida 3 yil hududda ishlash majburiyatini oladi. Bu tashabbus Qoraqalpogʻistonda yoshlar uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori belgilangan edi.