Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun mingdan ortiq davlat granti ajratildi

Davlat komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga 1 320 ta davlat granti ajratildi. Bu haqda ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga muvofiq, 29-sentabrdan 5-oktabrgacha (shu kuni ham) xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar davlat granti tanlovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.






Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun test sinovlari 12-oktabrgacha o‘tkaziladi. Test natijalari bo‘yicha yig‘ilgan ballar ketma-ketlik asosida shakllantiriladi va 17-oktabrgacha oliy ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.
Shuningdek, bu tanlovda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga hujjat topshirib, kirish imtihonlarida qatnashgan, biroq talabalikka qabul qilinmagan abituriyentlarga ham ishtirok etish huquqi berildi. Ular o‘z ballari, fanlar majmuasi va ta’lim tili mos kelgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha grant tanloviga qo‘shilishi mumkin.
Eslatib o’tamiz, Kursiv Uzbekistan 1-kurs talabalariga kontrakt to‘lash muddati 30-oktabrgacha uzaytirilgani haqida yozgan edi.