Afg‘onistonlik bola Kobuldan Dehliga samolyot shassisida uchib bordi

13 yoshlar atrofidagi afg‘onistonlik bola Kobuldan Dehliga samolyotning shassi bo‘limida yashirinib uchib kelgan. Bu haqda CNN agentligi xabar berdi.
Hindiston rasmiylarining xabariga ko‘ra, bola samolyot qo‘nganidan ko‘p o‘tmay uchish-qo‘nish yo‘lagida adashib yurgan holda topilgan.
Bola Afg‘onistonning Qunduz viloyatidan bo‘lib, KAM Airlines samolyotining orqa markaziy shassisida yashiringan. Uning yashiringan joyidan kichik karnay ham topilgan. Bola o‘sha kunning o‘zida Afg‘onistonga qaytarilgan.
Kobul va Dehli orasidagi masofa qariyb ming kilometrni tashkil etadi. Parvoz esa bir yarim soat davom etgan. Biroq qisqa masofa bo‘lishiga qaramay, bunday usulda sayohat hayot uchun juda xavfli hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, samolyot shassisida yashirinib parvoz qilish oqibatida ko‘plab odamlar nafas yetishmasligi, keskin sovuq va kislorodning kamligi sababli hushini yo‘qotadi. AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi bu kabi urinishlarning 77 foizi o‘lim bilan yakunlanishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Irkutsk – Toshkent reysidagi samolyot qush urilishi sababli aeroportga qaytgan edi.