Abdulloh domlaning ma’ruzasiga «klass» bosgan yigit uch yilga qamaldi

eʼlon qilindi
Hodisa 2019-yilda sodir bo‘lgan
Abdulloh domlaning ma’ruzasiga «klass» bosgan yigit uch yilga qamaldi / Foto: Layfxaker

Ulug‘bek Almardanov ismli fuqaro o‘z telefonidagi Odnoklassniki.ru messenjerida ochilgan shaxsiy akkauntida 2019-yilda joylashtirilgan ma’ruzaga «klass» bosib, uni virtual do‘stlariga ulashgani uchun uch yilga qamaldi. Bu haqda Surxondaryo viloyati sudlari ma’lum qildi.

Mazkur ma’ruza Abdulloh domla nomi bilan tanilgan Abdug‘ani Umarovning «Jannatga oshiq­lar» deb ataluvchi, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan. Shu orqali Almardanov amaldagi qonunlarga ko‘ra taqiqlangan g‘oyalarni tarqatgan hisoblandi.

Qumqo‘rg‘on tumani sudining 2025-yil 1-iyuldagi hukmiga muvofiq, Almardanov Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sud qaroriga binoan, unga JKning 57-moddasi qo‘llanib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.

Sud hukmida qayd etilishicha, mazkur jinoyat og‘ir turga kiradi. Shunga qaramay, sud jarayonida Almardanovning ayrim yengillashtiruvchi holatlari inobatga olinib, sanksiyada nazarda tutilganidan qisqaroq muddat belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda «layk» bosganlik uchun jinoiy javobgarlik bekor qilingani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek