Prezident Nyu-Yorkda BMT Bosh kotibi va qator davlat rahbarlari bilan uchrashdi

eʼlon qilindi
Uchrashuvlar davomida bir necha muhim sheriklik masalalari muhokama qilindi
Prezident Nyu-Yorkda BMT bosh kotibi va qator davlat rahbarlari bilan uchrashdi / Foto: President.uz

Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida 23-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev bir qator davlat rahbarlari va BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: President.uz

Prezident Koreya Respublikasi yetakchisi Li Chje Myon bilan uchrashuvda alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, yangi texnologiya va sanoat sherikligi dasturini ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror oshayotgani qayd etildi.

Foto: President.uz

Albaniya prezidenti Bayram Begay bilan muzokaralarda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar agrar, oziq-ovqat sanoati va transport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Foto: President.uz

Iordaniya podshohi Abdulla II bilan uchrashuv chog‘ida avgust oyida Toshkentda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokama qilindi. Ustuvor investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Foto: President.uz

Chexiya prezidenti Petr Pavel bilan muloqotda savdo, investitsiya, innovatsiya, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan aniq loyihalar muhokama qilindi. Idoralararo aloqalarni faol davom ettirishga kelishildi.

Foto: President.uz

Shuningdek, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan suhbatda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hamkorlik, yangi qo‘shma dasturlarni amalga oshirish va xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston va BMT sherikligida 160 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Tramp bilan uchrashib, uni O‘zbekistonga taklif qilgan edi.

Shuningdek