Alibaba Qwen3-Max sun’iy intellekt modelini taqdim etdi

Xitoyning yirik elektron tijorat kompaniyasi Alibaba o‘zining eng kuchli sun’iy intellekt til modeli — Qwen3-Max’ni taqdim etdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Model 1 trlndan ortiq parametrga ega bo‘lib, kod yozish va avtonom agent imkoniyatlarida yuqori samaradorlik ko‘rsatmoqda.
Alibaba ma’lumotiga ko‘ra, Qwen3-Max ayrim ko‘rsatkichlarda Anthropic’ning Claude va DeepSeek-V3.1 kabi raqib mahsulotlardan ustun natija qayd etgan. Avtonom agent xususiyati tufayli tizim kamroq buyruqlar bilan ishlaydi va foydalanuvchi maqsadiga erishishda mustaqil qaror qabul qila oladi.
Kompaniya yaqin uch yilda sun’iy intellekt infratuzilmasiga 380 mlrd yuan ($53,4 mlrd) sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Konferensiyada Alibaba rahbari Eddi Vu sun’iy intellekt sanoati kutilganidan tezroq rivojlanayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, kompaniya Qwen3-Omni kabi yangi mahsulotlarni ham taqdim etdi. Bu multimodal tizim virtual va sun’iy reallik ilovalari, jumladan, aqlli ko‘zoynaklar va intellektual kabinalar uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ChatGPT Captcha himoyasini yorib o‘tgani haqida xabar bergan edik.