
Huawei kompaniyasi tomonidan 22 ming dollarlik Huawei Saic H5 avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Mashina HarmonyOS kabina tizimi va Qiankun ADS yordamchi haydash funksiyalari bilan jihozlangan. Saic H5 — bu SAIC va Huawei hamkorligida tashkil etilgan Harmony Intelligent Mobility Alliance (HIMA) loyihasining mahsuli bo‘lib, Huawei’ning Aito, Stelato, Luxeed va Maextro’dan keyingi beshinchi avtomobil brendi hisoblanadi.

Model SAIC’ning Roewe ES39 platformasiga asoslangan. Uning o‘lchamlari 4780×1910×1664 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2840 mmni tashkil etadi. Bagaj qismi ancha katta: old tomonda 124 litr, orqa qismida esa 601 litr hajmga ega bo‘lib, unga yirik chamadonlar va sayohat jihozlari joylashadi.
Saic H5’ning EREV versiyasi 1,5 litrli 72 kVtli dvigatel va 150 kVtli elektromotor bilan ta’minlangan. U 32,6 kVt·soatli batareya bilan jihozlanadi. Toza elektrda 235 km, umumiy hisobda esa 1360 km masofani bosib o‘tishi mumkin.

BEV versiyasi 150 kVt yoki 180 kVt quvvatli elektromotorlar bilan taqdim etiladi. Batareya sig‘imi 64,6 kVt/soat yoki 80 kVt/soat bo‘lishi mumkin. Birinchi variant 525–535 km, ikkinchi variant esa 640–655 km masofani elektrda bosib o‘tadi.
Yuqori komplektatsiyalarda avtomobil 192-liniyali tom usti lidar, 4D millimetr to‘lqinli radarlar, 12 ultratovushli datchik va 11 ta yuqori aniqlikdagi kamera bilan ta’minlangan. Bu tizim Huawei’ning Qiankun ADS 4.0 yechimiga asoslangan bo‘lib, o‘z sinfida yagona to‘liq navigatsiya yordamchisiga ega mashina sifatida taqdim etildi. U nafaqat avtomatik boshqaruvni, balki old, orqa va yon zarbalardan himoyalanish imkoniyatlarini ham ta’minlaydi.

Narxlar ham e’tiborni tortmoqda. Avtomobil Xitoyda 159 800 yuandan (22,5 ming dollar) boshlanadi.
Avvalroq bukiluvchi Huawei Nova Flip S taqdim etilishi kutilayotgani haqida yozgan edik.