O‘zbekiston 2026-yil mart oyida JSTga a’zo bo‘lishi mumkin

Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish jarayoni faol davom etayotganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, noyabr oyida JST ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkaziladi va barcha ishlar reja bo‘yicha ketayotgan bo‘lsa, 2026-yil mart oyida O‘zbekistonning JSTga a’zoligi rasmiy e’lon qilinishi mumkin.
«Jahon iqtisodiyoti o‘rtacha uch foizga o‘sib borayotgan bir paytda O‘zbekiston iqtisodiyoti olti foizga o‘syapti. Bu ikki barobar yuqori ko‘rsatkich va bu juda ijobiy holat. Noyabr oyida ishchi guruh yig‘ilishi belgilangan. Umid qilamizki, mart oyiga belgilangan muddatga qadar barcha ishlar to‘liq yakunlanadi va O‘zbekistonning jahon tashkilotiga a’zo bo‘lishini tantanali tarzda nishonlash imkoniga ega bo‘lamiz», — dedi Ngozi Okonjo-Iveala.
22-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda JST rahbari bilan uchrashib, muzokaralarni 2026-yilda yakunlash muhimligini ta’kidlagandi.
Shuningdek, prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek O‘runovning ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 29 ta davlat bilan kelishuvlarga erishilgan, yana 3 ta davlat bilan protokol imzolash ishlari qolmoqda.