O‘zbekistonda quriladigan pullik yo‘llar uchun qonun loyihasi ishlab chiqildi

eʼlon qilindi
Pulli avtomobil yo‘llarini qurishga faqat muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi
pullik yo‘llar
O‘zbekistonda quriladigan pullik yo‘llar uchun qonun loyihasi ishlab chiqildi. Foto: depositphotos

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi hamda maqullanib, Senatga yuborildi.

Mazkur qonun loyihasida avtomobil yo‘llarini rejalashtirish mexanizmini joriy etish, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos rivojlantirish belgilandi. Shuningdek, yo‘llarni loyihalashda aholi fikri, atrof-muhitga ta’sir va piyodalar uchun qulaylikni ta’minlash talablari mustahkamlandi.

Bundan tashqari, loyihada kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo‘lning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritildi. Shuningdek, katta hajmli transport vositalari harakatini tartibga solish, yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish bo‘yicha yangi me’yorlar belgilandi.

Shu bilan birga, pullik avtomobil yo‘llarini qurishga faqat muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lganda ruxsat berilishi qayd etildi. Pulli yo‘llardan foydalanish uchun to‘lov miqdori ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar hisobga olinib, iqtisodiy jihatdan asoslangan bo‘lishi shart.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdan Samarqand va Andijonga olib boruvchi pullik avtomobil yo‘llari 2026-yildan amaliy bosqichga o‘tishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada keltirib o‘tildi.

Transport vazirligi investitsiyalar va davlat-sheriklikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Murodjon Ismonaliyevning ma’lum qilishicha, yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo‘yicha 13 tonna hisobida amalga oshirilishi natijasida avtomobil yo‘lining xizmat qilish muddati 25-yilgacha uzaytiriladi.

Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon pullik yo‘l narxi $5-$6 tashkil etishi kutilmoqda. Davlat xususiy-sheriklik loyihalari xodimining ta’kidlashicha, yo‘ldagi maksimal tezlik 120 – 150 km/soatni tashkil qilishi mumkin.

Shuningdek