O‘zbekistonda nogironlikni belgilash tizimi to‘liq raqamlashtirilmoqda

eʼlon qilindi
Yangi tizim shu yilning 1-oktabridan ishga tushadi
O‘zbekistonda nogironlikni belgilash tizimi to‘liq raqamlashtirilmoqda. Foto: Pexels.com

O‘zbekistonda nogironlikni belgilash tizimi endilikda raqamli shaklda ishlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Oldin nogironlik masalasida murojaatlar faqat tuman poliklinikalari orqali qabul qilingan bo‘lsa, endi «Inson» markazlari, ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali hamda oilaviy shifokorlar orqali ham murojaat qilish mumkin. Tajriba-sinov davrida Toshkent shahri va Navoiy viloyatidan 12,5 ming ariza kelib tushgan bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi «Inson» markazlari orqali yuborilgan.

Yangi raqamli tizim qanday ishlaydi

Yangi tartibda nogironlikni belgilashda avvalgi umumiy davolanish muddati (4–6 oy) talabi bekor qilinib, har bir bemor uchun kasallik xususiyatidan kelib chiqib individual muddatlar belgilanadi. Shuningdek, sirtdan (ko‘rikka chaqirmasdan) nogironlik aniqlanadigan kasalliklar ro‘yxati 48 tadan 60 taga kengaytirildi.

Yangi tizim shu yilning 1-oktabridan boshlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatidan tashqari barcha hududlarda ham ishga tushadi. Endilikda nogironlik guvohnomasi, uning muddati, guruhi va reabilitatsiya choralariga oid ma’lumotlar inson omilisiz avtomatik ravishda «Yagona milliy ijtimoiy himoya» tizimida shakllantiriladi.

18 yoshgacha bo‘lganlar uchun alohida kasalliklar ro‘yxati

Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun alohida kasalliklar ro‘yxati qayta tasdiqlandi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida (TIEK) yagona yondashuvni ta’minlash maqsadida hududiy TIEKlarga uslubiy ko‘mak beriladi. Respublika darajasida esa terapevt, jarroh, pediatr, nevrolog, oftalmolog va boshqa mutaxassislardan iborat maxsus komissiya tuzildi.

Bu qaror bilan hududiy TIEKlarning ayrim shtat birliklari tugatilib, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida faoliyat yurita boshlaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nogironligi bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni soliqlardan ozod qilish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek