Surxondaryoda 15 yoshli qizni turmushga berish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

eʼlon qilindi
Nikoh o‘qigan va nikohiga olgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Foto: uznews

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida voyaga yetmagan qizni turmushga berish holati yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Bolalar ombudsmani voqeani nazoratga olib, o‘rganishni boshlaganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 2009-yilda tug‘ilgan qizni uning buvisi, 1958-yilda tug‘ilgan ayol, tumanda yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan erkakka turmushga berish marosimini tashkil qilgan. Voyaga yetmaganligi sababli nikoh qonuniy tartibda qayd etilmagan bo‘lsa-da, 1950-yilda tug‘ilgan shaxs moddiy manfaat evaziga ularga shar’iy nikoh o‘tkazib bergan.

Holat yuzasidan 22-sentabr kuni nikoh o‘qigan va nikohiga olgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari Denov tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani voyaga yetmaganlarni erta nikohga majbur qilishni keskin qoralab, bunday holatlar bola huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishi ekani, u qonunda belgilangan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Denovda 15 yashar qiz turmushga chiqqani haqida yozgandi.

Shuningdek