
Yengil vazn toifasida o‘zbekistonlik UFC jangchisi Ramazon Temirov 2026-yilning mart oyida yana oktagonga qaytadi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
«Oxirgi topshirgan doping test natijalarim toza chiqdi. Menga bu yil emas, keyingi yilga jang berishdi. Qoidalarni buzganim uchun 6 oylik jazo muddati belgilandi. Keyingi yil mart oyidan boshlab yana janglarga qaytaman», — dedi Temirov.
Eslatib o‘tamiz, Ramazon Temirov joriy yilning iyul oyida qozog‘istonlik Asu Almabayevga qarshi oktagonga ko‘tarilishi kerak edi. Biroq o‘sha vaqtda uning doping namunalarida taqiqlangan modda borligi aniqlangan va shu sababli jang bekor qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Temirovning tanasida Tailandda olib borilgan mashg‘ulot chog‘ida infeksion yaralar paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng uning shifokori dori tavsiya qilgan, ammo o‘sha dorining tarkibida taqiqlangan modda bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, «Temurlan» professional faoliyati davomida jami 22 ta jang o‘tkazib, ularning 19 tasida g‘alaba qozongan va 3 bor mag‘lubiyatga uchragan. UFCda esa 2 marta oktagonga ko‘tarilib, ikkisida ham zafar quchgan.
Avvalroq ikki vazn toifasida sobiq UFC chempioni Konor Makgregor 2026-yilning iyun oyida Oq uyda tashkil etiladigan UFC kechasida Maykl Chendlerga qarshi jang qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.