2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti olti foizga o‘sishi kutilmoqda

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) so‘nggi mintaqaviy iqtisodiy tahlilida O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 6,7 foizga, 2026-yilda esa olti foizga o‘sishi prognoz qilindi.
Bu o‘sish Markaziy Osiyo bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, mamlakatda ichki talabning kuchayishi, aholining real ish haqlarining oshishi, xorijdan pul o‘tkazmalarining 28,7 foizga ortishi hamda xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi bilan izohlanmoqda.
Xizmatlar va sanoat sektori
YTTB ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YIM) 7,2 foizga o‘sgan. Xizmatlar sektori 8,2 foizga kengayib, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylandi. Sanoatda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi: oziq-ovqat mahsulotlari va metallurgiya ishlab chiqarishi mustahkamlanib, oltin narxlarining global darajada oshishi konchilikni rivojlantirdi. Shu bilan birga, tabiiy gaz qazib olishdagi pasayish ayrim risklarni keltirib chiqarmoqda.
Investitsiyalar va tashqi bozorlar asosiy omil
Bankning ta’kidlashicha, iqtisodiy o‘sishni mustahkamlashda ichki iste’mol va investitsiyalar, shuningdek, xorijiy kapitalni jalb etish muhim rol o‘ynaydi. Xorijiy investitsiyalar hisobiga ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish jarayoni davom etmoqda, bu esa xizmatlar sohasi va sanoatning barqaror rivojlanishiga turtki bermoqda.
YTTB O‘zbekistonning yaqin yillardagi istiqbolini ijobiy baholab, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun asosiy xavf sifatida xomashyo narxlaridagi tebranishlar va tashqi bozorlar, ayniqsa, Rossiya va Xitoy bozorlariga qaramlikni qayd etadi. Shu bilan birga, kuchli ichki talab, ish haqlarining o‘sishi va xorijdagi mehnat migrantlarining jo‘natmalari mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini davom ettirishga yordam beradi.
Avvalroq O‘zbekiston 2026-yil mart oyida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Tashkilot bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilish jarayoni faol davom etayotganini va mamlakat iqtisodiyoti juda yaxshi ko‘rsatkichga egaligini qayd etgandi.