Dunyoda kriptomillionerlar soni 40 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Kriptomillionerlar soni 241 ming nafarga yetdi
kriptomillionerlar
Kriptomillionerlar soni bir yilda 40 foizga oshdi. Foto: cryptodnes.bg

2024-yilda kriptovalyuta egalari orasida millionerlarga aylanganlar soni keskin ko‘paydi. Henley&Partners va New World Wealth hisobotiga ko‘ra, dunyoda kriptomillionerlar soni 241 ming nafarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘p.

Ekspertlar bu o‘sishni asosan bitkoin narxining keskin oshishi bilan izohlaydi. Hozirgi kunda kriptoboylar orasida 36 nafar milliardеr bor, shulardan 17 tasi boyligini aynan bitkoindan topgan. Umuman olganda, barcha kriptomillionerlarning qariyb 60 foizi o‘z kapitalini bitkoin orqali olgan.

Shuningdek, 450 kishi bitkoinda $100 milliondan ortiq boylikka ega. Jami kriptomillionerlar va milliardеrlarning boyligi $3,3 trillionga baholanmoqda — bu bir yil avvalgidan 45% ko‘p. Faqat bitkoindan daromad topgan millionerlar soni esa bir yilda 70 foizga ko‘paygan.

Shunga qaramay, kriptoboylar hanuz juda kichik guruh bo‘lib qolmoqda. Ularning ulushi dunyodagi jami 60 million millionerning atigi 0,4 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, kriptovalyutalardan foydalanuvchilar soni butun dunyoda 590 million kishiga, ya’ni yer yuzidagi aholining 7,4 foiziga yetgan.

Mutaxassislar bitkoinning asosiy farqini ham ta’kidlamoqda. Pullar cheksiz chiqarilishi mumkin, ammo bitkoin soni 21 million dona bilan chegaralangan. Bu esa boylik tushunchasini o‘zgartirib, hukumatlar uchun yangi chaqiriqlarni yuzaga keltirmoqda.

Citibank o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, kelgusi besh yil ichida post-savdo bozoridagi aylanmaning 10 foizi kriptovalyuta va raqamli aktivlar orqali amalga oshirilishi kutilmoqda. Citi hisobotida qayd etilishicha, 2021-yildan buyon raqamli aktivlardan foydalanish tajriba darajasidan strategik bosqichga o‘tgan. Hali to‘liq o‘zgarish nuqtasiga yetilmagan bo‘lsa-da, jarayon yaqin kelajakda keskin o‘sishi mumkinligi aytilmoqda.

Shuningdek