Germaniya qurilish va texnika sohasidagi kadrlarni ishga taklif qilmoqda

Migratsiya agentligi, Germaniya Federal bandlik agentligi va Hunarmandlar uyushmasi hamkorligida «Germaniyada iqlim biznesi uchun kelajak iste’dodlari» loyihasining uchinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Loyiha doirasida Germaniya bo‘ylab 50 ta ish o‘rni taqdim etiladi. Tanlov jarayonida 100 nafar mutaxassis suhbat va test asosida saralab olinadi. Tanlovni Germaniya Federal bandlik agentligi tashkil qiladi.
Nomzodlarga oyiga 2050 yevrodan boshlanadigan maosh taklif etiladi. Ish haftasiga 5 kun, kuniga 8 soatdan uch smenali jadvalda olib boriladi. Sinov muddati 3 oy etib belgilangan.
Turar joy Germaniya standartlariga mos ravishda taqdim etiladi va oyiga 300–500 yevro atrofida to‘lanadi. Ovqatlanish esa nomzod hisobidan bo‘ladi. Shu bilan birga, nomzodlarga tibbiy va ijtimoiy sug‘urta, maxsus ish kiyimi, xalqaro aviachipta va transfer kabi qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Keyinchalik oila bilan birlashish imkoniyati ham mavjud.
Talablar sirasiga 20–40 yosh oralig‘i, kasbiy ta’lim diplomi, so‘nggi 5 yil ichida kamida ikki yillik ish tajribasi, sog‘lomlik va sudlanmaganlik kiradi. Qo‘shimcha sertifikat yoki maxsus kurslarni o‘tagan mutaxassislarga ustunlik beriladi.
Nomzodlar dastlab Gyote Institutida 7–9 oy bepul nemis tili kurslarida tahsil olishadi. A2 darajaga chiqqach, ish beruvchilar suhbat orqali tanlab oladi va B1 daraja uchun yo‘naltiriladi. B1 darajaga erishganlarga xalqaro imtihon, viza, aviabilet xarajatlari ish beruvchi hisobidan qoplanadi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun Migratsiya agentligining xorijdaish.uz platformasi orqali ariza topshirish lozim. Murojaat uchun Migratsiya agentligi qisqa raqami — 1282 yoki +998 71 202-33-55 (107, 106)raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.