Madridning «Real» klubi va Braziliya terma jamoasi futbolchisi Vinisius Junior ispan tadbirkorga qarshi sud ishini yutib chiqdi. Bu haqda El Pais nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, La-Korunyadan bo‘lgan bir tadbirkor 2018-yil kuzida Vinicius nomi ostida kiyim-kechak brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan. Biroq sud instansiyalari, jumladan, La-Korunya tijorat sudi va apellyatsiya sudi bu ishni futbolchining shon-shuhratidan foydalanishga urinish sifatida baholadi.
Tadbirkor o‘zini oqlash jarayonida, «men brendni ro‘yxatdan o‘tkazgan paytimda Vinisius hali mashhur emas edi», deya ta’kidlagan. Ammo sud buni rad etib, biznesmen futbolchining mashhurligidan xabardor bo‘lganini va uning obro‘sidan foyda ko‘rishga intilganini qayd etdi.
Sud qaroriga ko‘ra, Vinisiusning da’vosi to‘liq qanoatlantirildi. Tadbirkor brendni ro‘yxatdan chiqarishga va futbolchining sud xarajatlarini qoplashga majbur qilindi.
25 yoshli Vinisius 2018-yil yozida «Real»ga Braziliyaning «Flamengo» klubidan 45 mln yevroga kelib qo‘shilgan edi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi paytda uning bozor qiymati 170 mln yevroni tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Qayrat» — «Real» uchrashuvi uchun chiqarilgan barcha chiptalar sotib bo‘lingani haqida xabar bergan edi.