
DxOMark mutaxassislari yangi iPhone 17 Pro kameralarini sinovdan o‘tkazib, uchta rekord qayd etdi. Biroq umumiy natijada smartfon uchinchi o‘rinni egallab, OPPO Find X8 Ultra va HUAWEI Pura 80 Ultra qurilmalaridan keyin joylashdi.

Rasmlar sifati
iPhone 17 Pro orqa panelida har biri 48 megapikselli uchta kamera mavjud: asosiy, ultra-keng burchakli va telefotokamera. Test uchun HEIC formatidagi fotosuratlar macOS Sequoia 15.1 boshqaruvi ostida Mac uchun JPEGga o‘tkazildi.
Sinovlarda smartfon keng dinamik diapazon, aniq ekspozitsiya va neytral oq balansni saqlab, hatto sust yoritishda ham yorqin yoki juda qorong‘i joylarsiz sifatli kadrlar taqdim etdi.




DxOMark ma’lumotiga ko‘ra, iPhone 17 Pro tungi suratga olish bo‘yicha eng yaxshi smartfon deb topildi. Yorug‘lik darajasi 5 lux yoki undan past bo‘lganda kamera avtomatik ravishda tungi rejimga o‘tadi. Bu rejimda kamera bir soniya yoki undan ham uzoqroq uzoq ekspozitsiya bilan suratga oladi.
Natijada standart 24 MP o‘rniga 12 MP rasm yaratilsa-da, undagi tafsilotlar o‘tgan yilgi iPhone modeliga qaraganda ancha yuqori bo‘lib, tasvirlar tabiiy chiqadi. Shuningdek, iPhone 17 Pro ba’zi raqobatchilarda uchraydigan sun’iylik va buzilishlarsiz aniq detallarni ta’minlaydi.




4x telezoomda nozik tafsilotlar yaxshi saqlanib qoladi va qoshlar yoki sochlar kabi teksturali yuz xususiyatlari tabiiy tarzda ifodalanadi.




Salbiy tomonlaridan biri – zumning oraliq darajalarida tafsilot darajasining pasayishi va zaif yorug‘likda xonada suratga olinsa, sezilarsiz shovqin paydo bo‘lishi.




Video sifati
Video suratga olish sifati «a’lo» deb baholandi, ayniqsa asosiy va ultra-keng kameralar bo‘yicha yangi ballar rekord darajaga yetdi. Shuningdek, iPhone 17 Pro ko‘cha sharoitidagi foto va video tasvirlarda eng yuqori natijani ko‘rsatdi.
Kamchilik sifatida o‘rta darajadagi zumda detallarni yo‘qotish, ichki yoritishda biroz shovqin va harakatdagi obyektlarni suratga olayotganda fokuslashdagi kichik xatoliklar qayd etildi.
Umuman olganda, iPhone 17 Pro asosiy va ultra keng burchakli kameraga video suratga olish bo‘yicha ikkita rekord o‘rnatdi. Shuningdek, u ko‘chada olingan surat va videolar bo‘yicha eng yaxshi smartfon bo‘ldi.

Barcha to‘plangan ballar yig‘indisi bo‘yicha gadjet OPPO Find X8 Ultra va HUAWEI Pura 80 Ultra’dan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.
Avvalroq iPhone 17 Pro’ni tirnalishlardan qanday saqlash mumkinligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, yangi iPhone 17 Pro kuchli imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, uning yuzasida tirnalishlar paydo bo‘layotgani haqida shikoyatlar ko‘paygan. Eng ko‘p tirnalishlar Deep Blue rangidagi iPhone 17 Pro hamda Space Black rangidagi iPhone Air modellarida kuzatilmoqda. Shu sabab Tom’s Guide yangi iPhone’ni tirnalishlardan saqlash uchun bir qator choralarni tavsiya etgandi.