NASA asteroidga yadroviy zarba berish imkoniyatini o‘rganmoqda

NASA olimlari 2024 YR4 nomli asteroidni yadroviy zarba bilan yo‘q qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda LiveScience xabar berdi.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu asteroidning 2032-yil dekabrida Oyga urilish ehtimoli to‘rt foiz bo‘lishi mumkin.
Asteroidning kattaligi 53 – 67 metrni tashkil etadi, bu taxminan 15 qavatli bino balandligiga teng. Agar u Yerga tushsa, Chelyabinsk meteoritiga o‘xshash kuchli portlash yuz berishi mumkin edi, ammo okeanga tushsa jiddiy oqibat kutilmaydi. Oyga urilganda esa uning yuzasidan ko‘p miqdorda chang ko‘tarilib, mikrometeoroidlar oqimi ming baravar ortishi mumkin. Bu esa Xalqaro kosmik stansiya kabi past orbitadagi apparatlar uchun xavf tug‘diradi.
Olimlar asteroidning massasini aniq bilmaganliklari sabab uni yo‘nalishidan og‘dirish xavfli ekanini ta’kidlashmoqda. Shu bois ikki asosiy yechim ko‘rib chiqilmoqda: 2030 – 2032-yillarda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan kinetik zarba yoki 2029 – 2031-yillarda bajarilishi rejalashtirilayotgan yadroviy zarba.
Mutaxassislar 2024 YR4 96 foiz ehtimol bilan Oy yonidan xavfsiz o‘tib ketishini qayd etishmoqda, biroq bu voqeani kelajakdagi sayyoraviy himoya texnologiyalarini sinash uchun muhim imkoniyat deb bilishmoqda.
Avvalroq NASA Oy va Mars missiyalari uchun yangi kosmonavtlarni tanlab olgani haqida xabar berilgandi. NASA sakkiz mingdan ortiq arizachilar orasidan 10 kishini yangi kosmonavtlar guruhi sifatida tanlab oldi. Bu safargi tanlovda ilk marta ayollar soni erkaklardan ko‘pligi bilan ajralib turadi. Yangi kosmonavtlar tarkibiga muhandislar, geologlar, harbiy uchuvchilar, shifokorlar va SpaceX sobiq xodimlari kirdi.