Viloyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

eʼlon qilindi
Viloyatlar o‘rtasida faqat Toshkent orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda
Viloyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Viloyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Foto: ijtimoiy tarmoq

Viloyatlar o‘rtasida faqat Toshkent orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Strategik islohotlar agentligida Reformatics konsalting kompaniyasi rahbari Nika Gilauri bilan o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonga 10 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa-da, mavjud imkoniyatlarga nisbatan bu kam ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu sabab mamlakatga yiliga 20 million turistni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Kompaniya bu natijaga erishish uchun madaniyat va tarix, gastronomiya, Luxury turizm, ko‘ngilochar turizm hamda innovatsion turizmni rivojlantirishni tavsiya qildi. Bu yangi turistik mahsulotlar yaratish, xizmat sifatini oshirish, investitsiyalar jalb etish va xalqaro marketingni kuchaytirishni talab qiladi.

Bundan tashqari, sayyohlarni ko‘proq jalb qilish uchun transport sohasida qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidlandi. Xususan, viloyatlar o‘rtasida faqat Toshkent orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu ichki turizmni rivojlantirishga ham katta hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Shu maqsadda hududlarning salohiyatini chuqur o‘rganish, qo‘shimcha takliflar ishlab chiqish va 2040-yilgacha mo‘ljallangan turizm strategiyasini tasdiqlash uchun prezident farmoni loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Strategiya joriy yil noyabr oyida davlat rahbariga taqdim etilishi kutilmoqda.

Avvalroq Silk Avia texnik sabablarga ko‘ra sentabr va oktabr oylarida Toshkentdan Termiz, Namangan, Buxoro, Farg‘ona va Navoiy yo‘nalishidagi bir nechta aviaqatnovlarni vaqtincha bekor qilgandi. Yo‘lovchilar avval xarid qilingan chiptalar uchun pulni to‘liq qaytarib olishlari yoki bo‘sh joylar mavjud bo‘lsa, boshqa reyslarga qayta bron qilishlari mumkin.

Shuningdek