Farg‘onadagi zilzila, «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan Dembele, Tarjima qila oladigan quloqchin, Mirziyoyevning AQShga tashrifi — haftaning eng muhim xabarlari

Kursiv Uzbekistan haftaning muhim yangiliklarini bitta xabarga jamladi.
Farg‘onada zilzila sodir bo‘ldi
22-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:04:58 da O‘zbekistonda zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring markazi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, zilzila episentri Toshkentdan 265 km janubiy-sharqda bo‘lib, sezilish kuchi 2 ballni tashkil etdi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil boshida o‘tkaziladi

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra o‘tkaziladi. Tadbir 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha davom etadi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
Ro‘yxatga olishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Jarayonga «mahalla yettiligi» tizimi xodimlari jalb etiladi. Ular 2025-yil 15-dekabrdan 2026-yil 1-martgacha ishlaydi va planshetlardan foydalanib ro‘yxatga olishni amalga oshiradi.
O‘zbekiston va Tojikiston energetika bo‘yicha hamkorlik qiladi
18-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Muzokaralarda ikki tomonlama energetika hamkorligi, elektr energiyasi almashinuvi va mavjud quvurlarni modernizatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, 2025 – 2026-yillar kuz-qish mavsumida energetika tizimlari faoliyatini muvofiqlashtirish, qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirish va mintaqada barqaror ta’minotni ta’minlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etiladi

Prezidentning «Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarining bajarilishini monitoring qilishga nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) jalb etiladi hamda ular tomonidan muqobil baholash tizimi joriy qilinadi.
Axborot maydonida Markaziy Osiyodagi ta’sirimizni boy berdik — AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi
2019 – 2022-yillarda AQShning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib faoliyat yuritgan Daniel Rosenblum Markaziy Osiyoda Amerika axborot maydonidagi ta’sirini boy bergani va buning natijasida Rossiya hamda Xitoy uchun bo‘shliq yuzaga kelganini ma’lum qildi.
Rosenblum Rossiyaning desinformatsiya kampaniyalarini misol keltirdi. Bu kampaniyalar AQSh diplomatlarini barqarorlikni buzuvchi sifatida ko‘rsatishga qaratilgan. 2023-yilda Qozog‘istonda Rossiya OAVlari «Rosenblum NATO bazasini ochdi» deb xabar tarqatgan, aslida esa u AQSh moliyalashtirgan konferensiya markazini ochgan.
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi

«Yengil sanoat sohasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmon qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Agentlik to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shuningdek, uning qoshida Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
COVID haqida yozgan xitoylik jurnalist yana to‘rt yilga qamaldi
Xitoyda COVID-19 pandemiyasi haqida mustaqil xabar bergan jurnalist Chjan Chjan yana to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
42 yoshli Chjan janjal chiqarish ayblovi bilan 19-sentabrda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan oldin, u 2020-yilda ham xuddi shu ayblov bilan to‘rt yilga qamalgandi. U o‘sha paytda Uxan shahridagi haqiqiy vaziyat – kasalxonalar to‘lib ketgani va bo‘shab qolgan ko‘chalar haqida maqolalar va videolar e’lon qilgan.
106 ta avtomobildan Gorilla ichimligining noqonuniy reklamasi olib tashlandi

«Aion beverages» MChJga qarashli avtotransport vositalarida Gorilla energetik ichimligi reklamasi qonun talablariga zid ravishda keng targ‘ib qilinganligi aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan yo‘llangan murojaatda tegishli avtotransport vositasida reklama joylashtirilishi haqida e’tiroz bildirilgan.
Portugaliya Falastinni rasman tan oldi

Portugaliya tashqi ishlar vaziri Paulo Ranjel Nyu-Yorkdagi BMT vakolatxonasida Portugaliya Falastinni rasman tan olishini ma’lum qildi. Bu haqda SIC Noticias telekanali xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Falastinni tan olish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar kengashi tomonidan prezident va parlamentdagi asosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilingan.
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol pichoqlab ketildi
21-sentabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida 36 yoshli o‘zbekistonlik ayol o‘z uyida noma’lum shaxs tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani aniqlandi. Holat bo‘yicha O‘zbekistondagi Istanbul Boshkonsulxonasi izoh berdi.
Unga ko‘ra, halok bo‘lgan shaxs, avval Turkiyada yashash qoidalarini buzganligi sababli deportatsiya qilingan va mamlakatga kirishi taqiqlangan. Biroq ism-familiyasini o‘zgartirgan holda Turkiyaga qaytgani aniqlangan.
23-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

23-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 257,13 so‘m (-92,74 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Oltin narxi 3,7 ming dollardan oshib, yangi rekordni qayd etdi
22-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:34 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, bir troya unsiyasi uchun $3724,68 ga yetdi.
«RBK» nashriga ko‘ra, AQSh Federal Rezerv tizimi tomonidan pul-kredit siyosatini yumshatish fonida qimmatbaho metallga talab yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Investorlar esa AQShning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari, jumladan, inflyatsiya darajasi e’lon qilinishini kutmoqda.
Rasman: Usmon Dembele — 2025-yilgi «Oltin to‘p» sohibi

Fransiyaning Parij shahrida «Oltin to‘p – 2025» topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. «PSJ» klubi hujumchisi Usmon Dembele 2025-yilgi «Oltin toʻp» sohibiga aylandi. Dembele oʻtgan mavsum parijliklar bilan birgalikda toʻrtta sovrin qoʻlga kiritdi, jumladan, UEFA Chempionlar ligasida gʻolib chiqdi. Shuningdek, klublar oʻrtasidagi Jahon chempionatida finalga qadar yetib bordi.
Uzbekistan Airways samolyotlar parkini 22 taga kengaytiradi

Uzbekistan Airways Boeing kompaniyasi bilan 14 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va yana 8 tasini opsion asosida olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Samolyotlar 2031-yildan boshlab yetkazib beriladi.
O‘zbekiston Qozog‘istondan benzin sotib olishni boshladi

O‘zbekistonga Qozog‘istondan benzin importi 10 baravarga oshdi. Bu haqda Inbusiness.kz nashri Argus agentligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Unga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Rossiyadan olib kelingan neft va kondensat hajmini o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki baravar kamaytirdi.
O‘zbekistonda shamolli va changli ob-havo hafta davomida saqlanadi — Ekologiya vazirligi

O‘zbekistonda shamolli va changli ob-havo hafta davomida saqlanib qoladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi. Bunda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy cho‘l hududlari, Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlari eng ko‘p ta’sirchan hududlar bo‘lib qoladi.
Shavkat Mirziyoyev AQShda kimlar bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev 20 – 24-sentabr kunlari BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida davlat rahbari mamlakatning qator kompaniyalari va mutasaddilarini qabul qildi.
Bahodir Jalolovning navbatdagi raqibi va jang sanasi ma’lum bo‘ldi

Super og‘ir vazn toifasidagi o‘zbekistonlik bokschi, Olimpiada va Jahon chempioni Bahodir Jalolov o‘zining navbatdagi janggini 6-oktabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tashkil etiladigan IBA Pro 10 turniri doirasida o‘tkazadi.
O‘zbekistonda shovqin solmaslik vaqti bir soatga uzaytirilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda jimlik saqlanishi kerak bo‘lgan vaqt 23:00 dan 07:00 gacha uzaytirilmoqda. Deputatlar tomonidan «Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qilishda ma’qullandi.
Fond bozori: «O‘zbekgeofizika» aksiyalari eng yuqori pasayishdan so‘ng qimmatlashdi

«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 12-sentabrdan 19-sentabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,13 foizga o‘sdi. Mazkur davrda «O‘zbekgeofizika» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 13,01 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, faqat «O‘zbektelekom» (+3,28%) va «O‘zmetkombinat» (+0,50%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘zbekiston BlackRock kompaniyasi bilan qo‘shma fond tuzishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston AQShning yirik investitsiya kompaniyasi bo‘lgan BlackRock bilan qo‘shma fond tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ushbu masala O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BlackRock direktorlar kengashi a’zosi Adebayo Ogunlesi bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yaqin kunlarda tomonlar fondni yaratish konsepsiyasi hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejasini kelishib oladi.
Alisher Qodirov: Pedagoglar uchun pensiya yoshini 50 yosh etib belgilash kerak

«Milliy Tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov pedagoglar uchun pensiya yoshini 50 yosh etib belgilash kerakligini qayd etdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar bermoqda.
24-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

24-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 171,03 so‘m (-86,10 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 69,75 so‘mga tushib, 14 364,25 so‘mni, rubl esa 0,77 so‘mga pastlab, 145,92 so‘mni tashkil qildi.
«Qayrat» — «Real» o‘yini uchun chiptalar narxi e’lon qilindi

Unga ko‘ra, narxlar 30 ming tengedan (676 ming so‘m) boshlanib, 250 ming tengegacha (5,6 mln so‘m) yetadi. Shuningdek, 75 ming tenge (1,7 mln so‘m) va 150 ming tengega (3,4 mln so‘m) ham chiptalarni xarid qilish mumkin.
Tarjima qila oladigan quloqchin Airpods Pro 3 Toshkentga yetib keldi

9-sentabr kuni Apple tomonidan AirPods Pro 3 quloqchinlari taqdim etilgan edi. Real vaqtda tarjima qilish imkoniga ega bu qoloqchinlar Toshkentda sotila boshlandi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.
Italiyalik mashhur aktrisa Klaudiya Kardinale 87 yoshida vafot etdi

Italiyalik mashhur aktrisa Klaudiya Kardinale 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda France 24 uning vakiliga tayanib xabar berdi.
25-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

25-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 219,08 so‘m (+48,05 so‘m) etib belgilandi.
Foydalanuvchilar yangi iPhone’ning Wi-Fi muammolaridan shikoyat qilmoqda

iPhone 17, iPhone 17 Pro, iPhone 17 Pro Max va iPhone Air foydalanuvchilari Wi-Fi muammosidan shikoyat qilmoqda.
Alibaba Qwen3-Max sun’iy intellekt modelini taqdim etdi
Xitoyning yirik elektron tijorat kompaniyasi Alibaba o‘zining eng kuchli sun’iy intellekt til modeli — Qwen3-Max’ni taqdim etdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Shota Rustaveli ko‘chasida transport harakati qisman tiklandi
Shota Rustaveli ko‘chasi Shahrisabz ko‘chasidan Cho‘pon ota ko‘chasigacha bo‘lgan qismi avtomobillar harakati uchun ochildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistondagi hayvonot bog‘larida qancha hayvon saqlanmoqda
2025-yil 1-yanvar holatiga mamlakatda 7 ta hayvonot bog‘i faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy maydoni 49,2 gektarni tashkil etadi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Turkmanistonda pensiya va ish haqlarini oshirishni bekor qilish taklif qilindi
Turkmanistonda Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan Xalq Maslahati majlisida pensiya, nafaqa va stipendiyalarni har yili oshirish amaliyotini bekor qilish taklifi bildirildi.
iPhone 17 Pro smartfonini sotib olmaslik uchun 9 sabab
Mobile-Review bosh muharriri Eldar Murtazin Apple’ning yangi flagmanini sinovdan o‘tkazib, iPhone 17 Pro va 17 Pro Max’ni olishga arzimaydigan 9 sababni keltirdi.
Surxondaryoda 15 yoshli qizni turmushga berish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida voyaga yetmagan qizni turmushga berish holati yuzasidan jinoyat ishi ochildi.
Aniqlanishicha, 2009-yilda tug‘ilgan qizni uning buvisi, 1958-yilda tug‘ilgan ayol, tumanda yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan erkakka turmushga berish marosimini tashkil qilgan. Voyaga yetmaganligi sababli nikoh qonuniy tartibda qayd etilmagan bo‘lsa-da, 1950-yilda tug‘ilgan shaxs moddiy manfaat evaziga ularga shar’iy nikoh o‘tkazib bergan.

Dunyoda kriptomillionerlar soni 40 foizga oshdi
2024-yilda kriptovalyuta egalari orasida millionerlarga aylanganlar soni keskin ko‘paydi. Henley&Partners va New World Wealth hisobotiga ko‘ra, dunyoda kriptomillionerlar soni 241 ming nafarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘p.
Ekspertlar bu o‘sishni asosan bitkoin narxining keskin oshishi bilan izohlaydi. Hozirgi kunda kriptoboylar orasida 36 nafar milliardеr bor, shulardan 17 tasi boyligini aynan bitkoindan topgan. Umuman olganda, barcha kriptomillionerlarning qariyb 60 foizi o‘z kapitalini bitkoin orqali olgan.

Toshkent shimoliy vokzali yonidagi yerosti yo‘li savdo maskanlariga aylantiriladi
Toshkentdagi Shimoliy vokzal va «Toshkent» metro bekati o‘rtasidagi 4 ming kvadrat metrlik yerosti yo‘li tadbirkorlar uchun ijaraga beriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 15-sessiyasida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Toshkent viloyatidagi bog‘cha bolalarining zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Oldinroq «Kursiv» nashri Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bir nechta davlat bog‘chalarida tarbiyalanuvchilar sog‘lig‘idan shikoyat qilib, tuman tibbiyot birlashmalariga murojaat qilgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, bolalarda tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi belgilar kuzatilgan.

Ramazon Temirov qachon oktagonga qaytishi ma’lum bo‘ldi
Yengil vazn toifasida o‘zbekistonlik UFC jangchisi Ramazon Temirov 2026-yilning mart oyida yana oktagonga qaytadi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

AQShda 38 yil nohaq qamoqda o‘tirgan erkakka $25 million tovon puli to‘landi
Kaliforniyada 38 yil davomida nohaq qamoqda saqlangan 72 yoshli Moris Xastings $25 mln miqdorida tovon puli oldi. Bu shtat tarixidagi eng yirik nohaq mahkumlik uchun to‘lov sifatida qayd etildi.

Prezidentning AQShga bo‘lgan tashrifi qanday o‘tdi
Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga qilgan tashrifi yakunlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Volkswagen zavodi o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilmoqda
Migratsiya agentligi va Slovakiyaning Volkswagen zavodi avtomobilsozlik sohasida 60 nafar ishchi uchun tanlov e’lon qildi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Tanlovga jami 200 nafar nomzod jalb qilinadi. suhbatlar onlayn shaklda Migratsiya agentligi tomonidan olib boriladi. Ish joyi mamlakat poytaxti Bratislavada joylashgan.

Qirg‘izistonda ro‘y bergan zilzila O‘zbekistonda sezildi
25-sentabr soat 06:20:12 da Qirg‘iz Respublikasining Botken shahrida zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring markazi ma’lum qildi.
2026-yilgi Jahon chempionati ramzlari taqdim etildi

FIFA 2026 Jahon Chempionati uchun uch rasmiy ramz tanishtirildi. Ular Kanadani ifodalovchi Meypl — Shimol bug‘usi(Kanada ramzi), Zayu — Yaguar (Meksika ramzi), Klach— Kal burgut (AQSh ramzi) obrazlaridir.
Krasnodardan Samarqandga yangi aviareys yo‘lga qo‘yildi

Shu yilning 25-sentabridan Azimut aviakompaniyasi Krasnodar — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni boshladi. Bu haqda «Kuban-Inform» nashri xabar berdi.
Krasnodar aeroporti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, reyslar haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.
Qozog‘iston ustidagi havo massalari Toshkentga ta’sir ko‘rsatmaydi — «O‘zgidromet»

Qozog‘istonda 25-sentabr kuni kechga borib shamol kuchaygani kuzatildi. «O‘zgidromet» ushbu tabiat hodisasini O‘zbekistonga ta’siri bo‘yicha izoh berdi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘iston ustidagi havo massalari Toshkentga ta’sir ko‘rsatmaydi. Biroq ertaga, 26-sentabr kuni poytaxtda shamol tezligi 3–8 m/s, ba’zan 10–12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Ayrim hududlarda chang-to‘zonlar ham kuzatilishi ehtimoli bor.
Tramp mebel va yuk mashinalariga 50 foizgacha boj joriy qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp import mahsulotlarga bojlarni oshirish qarorini chiqardi. 2025-yil 1-oktabrdan oshxona shkaflari va vannaxona mahsulotlariga 50 foiz, yumshoq mebelga 30 foiz boj qo‘llaniladi, deya yozmoqda CNN.
Shavkat Mirziyoyev BMTdagi nutqida qaysi so‘zdan ko‘p foydalandi — tahlil

Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi lingvistik jihatdan tahlil qilindi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, nutqda eng ko‘p ishlatilgan so‘z — maqsad (11 marta). Bu mamlakatning strategik yo‘nalishlari va ustuvorliklariga urg‘u berilganidan dalolat beradi. Shuningdek, davlat so‘zi 7 marta qo‘llanib, milliy manfaatlarga katta e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Tesla zavodida robot xodimga hujum qildi

AQShning Fremont shahridagi Tesla zavodida ishlab chiqarish roboti texnik xodimga jiddiy shikast yetkazdi. Hodisa 2023-yil 22-iyul kuni sodir bo‘lgan, ammo voqea tafsilotlari yaqinda ommaga ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Independent.
O‘FA «Oltin to‘p» sohibini terma jamoaga taklif qilmoqda

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) «Oltin to‘p»ning 2006-yilgi g‘olibi Fabio Kannavaro bilan muzokaralar olib bormoqda.
Italiya terma jamoasi afsonasi sanalgan Kannavaro murabbiylik faoliyati davomida BAA, Xitoy va Saudiya Arabistoni klublarini boshqargan. Shuningdek, u Xitoy terma jamoasi, «Benevento», «Udineze» va «Dinamo» Zagreb klublarida ham bosh murabbiy sifatida ishlagan.
Toshkent Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik havo yuk markaziga aylandi

2019 – 2024-yillar yakunlariga ko‘ra, Toshkent aeroporti Markaziy Osiyoda Olmaotadan keyin ikkinchi yirik havo yuk markazi sifatida qayd etildi. Bu haqda Freightos Group strategik yetkazib berish bo‘limi rahbari Kelli Chen ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ostonа uchinchi o‘rinni egallagan, undan keyin Bishkek, Dushanbe va Ashxobod aeroportlari joylashadi. Chen ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasida yuk tashish hajmi oshgani bois muhim transport xabiga aylanmoqda. Ammo Qozog‘iston mintaqaning asosiy siyosiy-iqtisodiy markazi bo‘lib qolmoqda.
Oʻzbekistonda 2,1 GVt quvvatga ega AES quriladi

Jizzax viloyati hududida ikkita bir ming MVt quvvatli reaktordan iborat kombinatsiyalangan atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev xabar berdi.
Bundan tashqari, 55 MVt quvvatga ega yana ikkita kichik reaktor barpo etiladi. Xoʻjayev «Rosatom» bilan amalga oshiriladigan ushbu loyiha oʻziga xosligini ta’kidladi.
29-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

29-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 138,67 so‘m (-61,04 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.