Durov: Fransiya razvedkasi Moldovadagi ayrim Telegram kanallarni oʻchirishni soʻradi

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiya razvedkasi vositachi orqali undan Moldovaga oid ayrim Telegram kanallarni o‘chirishni talab qilganini bildirdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Uning aytishicha, vositachi kanallarni oʻchirsa, razvedka uning Fransiyadagi sud ishida sudyaga ijobiy ta’sir oʻtkazishda yordam berishini va’da qilgan.
Ma’lumot uchun, Durov Parijda ushlangan va hozirda Fransiyada sud nazorati ostida turibdi. U Telegram orqali uyushgan jinoyatchilikda gumon qilinayotgani sababli tergov qilinmoqda. Durov unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda.
Durov ayrim qoidalarni buzgan kanallar o‘chirib tashlanganini tasdiqladi. Biroq u razvedkaning sud jarayoniga aralashish taklifini qabul qilib bo‘lmasligini aytdi. Fransiya rasmiylari esa avval Ruminiyada bildirilgan shunga o‘xshash da’volarni rad etgan edi. Ushbu iddaolar Moldovadagi parlament saylovlari jarayonida paydo bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moldovadagi parlament saylovida PAS partiyasi g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edik.