Xitoyda dunyoning eng baland ko‘prigi ochildi

eʼlon qilindi
Qurilish ishlari uch yil davom etdi
Xitoyda dunyoning eng baland ko‘prigi ochildi. Foto: Global look press / Keystone press agency

Xitoyning Guizhou provinsiyasida dunyodagi eng baland — Huatszyan darasi ustidan o‘tuvchi ko‘prik foydalanishga topshirildi. Bu haqda «Sinxua» agentligi xabar berdi.

Inshoot Beipanjyan daryosidan 625 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, bu San-Fransiskodagi «Oltin darvoza» (Golden Gate) ko‘prigidan qariyb to‘qqiz baravar baland. Qurilish ishlari uch yil davom etdi. Ko‘prikning umumiy uzunligi 2,9 ming metrni, asosiy oraliq qismi esa 1,4 ming metrni tashkil etadi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, bu tog‘li hududda qurilgan dunyodagi eng yirik po‘lat fermali osma ko‘prik hisoblanadi.

Avvalgi rekord ham Beipanjyan daryosi ustidan o‘tuvchi, 565,4 metr balandlikdagi ko‘prikka tegishli edi. Yangi ko‘prik transport aloqasini sezilarli darajada yengillashtirdi: endi darani kesib o‘tish yo‘li ikki soatdan atigi ikki daqiqaga qisqardi.

So‘nggi yillarda Guizhou provinsiyasida 30 mingdan ortiq ko‘prik qurildi. Ulardan uchtasi dunyodagi eng baland ko‘priklar ro‘yxatiga kiradi, shuningdek, sayyoradagi eng baland 100 ta ko‘prikning deyarli yarmi aynan shu hududda joylashgan.

Avvalroq «Kursiv» 2026-yilda Namangandagi ikkita yirik ko‘prik ishga tushishi haqida xabar bergandi.

Shuningdek