Air Samarkand uch oydan buyon rossiyalik xodimlariga maosh to‘lamaganiga izoh berdi

Taxminan 50 nafar Rossiya fuqarosi O‘zbekistonning Air Samarkand aviakompaniyasini uch oy davomida maosh to‘lamaganlikda va hatto ovqat uchun ham pul bermayotganlikda ayblamoqda. Kompaniya vakillari muammoni «buyurtmachilar» bilan bog‘lamoqda. Bu haqda ShOT nashrining Telegram kanali ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, nashrga murojaat qilgan aviakompaniya xodimlari maoshlarini iyun oyidan beri kutayotganini aytgan. Ayrimlari, jumladan rossiyaliklar ham ishdan bo‘shagan, ammo faqat «aviatsiya ishqibozlari» qolgan.
Kompaniya esa oyliklar bo‘yicha muammo buyurtmachilar tomonidan to‘lovlar kechiktirilgani sababli yuzaga kelganini bildirdi. Ularning da’vo qilishicha, buyurtmachilar hali ham barcha mablag‘larni to‘liq o‘tkazmagan.
Ma’lumot uchun, Air Samarkand’da shunga o‘xshash muammo 2024-yilda ham kuzatilgan edi. O‘shanda rossiyalik xodimlar oyliklarning kechikayotganidan shikoyat qilib, 75 kishi ishdan bo‘shatilgan, ularning aksariyati qisqartirish asosida ketgan.
Aviakompaniya izohi
Air Samarkand aviakompaniyasi Kursiv Uzbekistan’ga ish haqi kechikishining sabablari haqida izoh berdi. Unga ko‘ra, muammolar 2025-yil bahor va yoz oylarida barcha samolyotlarning rejalashtirilmagan ta’miri bilan bog‘liq bo‘lib, qisqa muddatda katta xarajatlarni talab qilgan.
«Kompaniya hozirda qator choralarni amalga oshirmoqda: investorlar, buyurtmachilar va hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz, samarasiz xarajatlarni qisqartiryapmiz va asosiy e’tiborni ish haqlarini tezroq to‘lashga qaratganmiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.
Aviakompaniya qo‘shimcha qilishicha, barcha samolyotlar to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan, reyslar barqaror bajarilmoqda, yangi parvoz dasturlari esa kompaniyaning moliyaviy ahvolini tezroq yaxshilashga yordam bermoqda.
«Taxminan 50 nafar Rossiya fuqarosi» haqidagi xabarga kelsak, bizning jamoamizda turli mamlakatlardan mutaxassislar ishlaydi. Biz xodimlarning fuqaroligi yoki millati haqida izoh bermaymiz, ammo ish haqi bo‘yicha majburiyatlar millat, lavozim darajasi, staj va boshqa omillardan qat’i nazar barcha xodimlar uchun teng bajarilishini tasdiqlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi aviakompaniya.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Air Samarkand Isroilga reyslarni qayta tiklagani haqida yozgandi.