O‘zbekiston va Koreya E-7 ishchi vizasi bo‘yicha kelishuvga erishdi

Migratsiya agentligi va Koreya Respublikasining Kuongsannam-do provinsiyasi o‘rtasida E-7 malakali ishchi vizasi bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar provinsiyaning yirik sanoat tarmoqlarida hududiy viza asosida yuqori malakali mutaxassis sifatida o‘z bilim va tajribalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kuongsannam-do provinsiyasi gubernatori Pak Vansu ta’kidlashicha, bu hujjat provinsiyada xorijiy ishchi kuchini qabul qilish yo‘nalishida imzolangan ilk kelishuvdir. Unga ko‘ra, xorijlik ishchilarni tanlashda til bilish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, u o‘zbek yoshlarining tayyorgarligi va bilim olish tizimini yuqori baholadi.

Uchrashuvda E-8 mavsumiy ishchi vizasi masalasi ham muhokama qilinib, kelgusida bu yo‘nalishda ham ijobiy loyihalar amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, E-7 Specially Designated Activities Visa – muayyan soha va kasblarda malakaga ega xorijliklarga beriladigan professional mehnat vizasi. E-8 Seasonal Worker Visa esa qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida xorijliklarni mavsumiy ishga jalb qilish uchun beriladigan vaqtinchalik viza hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh vizasini olish qoidalari yanada murakkablashgani haqida yozgandi.