UzAirways pensiya yoshidagi fuqarolarga 15 foiz chegirma e’lon qildi

Uzbekistan Airways 60 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan katta ayollar uchun barcha ekonom klass tariflariga 15 foizgacha chegirma e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida xabar berdi.
Maxsus taklif «Keksalar uchun turizm oyligi» doirasida 1-noyabrdan 30-noyabrgacha amalga oshiriladigan ichki aviaqatnovlarga tatbiq etiladi.
Chegirmadan foydalanish uchun chipta xarid qilish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti yoki ID-kartasi taqdim etilishi lozim.
Chegirmali aviachiptalarni Uzbekistan Airways Sales ofislarida, aviakompaniyaning mamlakat hududidagi agentliklarida, shuningdek, www.uzairways.com rasmiy saytida xarid qilish mumkin.
Aviachiptaga belgilangan tarifdan tashqari soliqlar, yig‘imlar va qo‘shimcha to‘lovlarga chegirma tatbiq qilinmasligi qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Centrum Air 2-oktabrdan Toshkent – Dehli yo‘nalishida muntazam parvozlarni boshlashi haqida yozgandi.