
Avtomobil tanlashda ko‘plab omillar e’tiborga olinadi: narxi, qulayligi, dizayni va, albatta, xizmat muddati. Har bir haydovchi mashinasining ishonchli bo‘lishini va yillar davomida qo‘shimcha xarajatsiz xizmat qilishini xohlaydi. Mutaxassislar va haydovchilar tajribasiga ko‘ra, ayrim krossoverlar 15 yil va undan ortiq vaqt davomida mustahkamligini saqlab qoladi. Ushbu maqolada 15 yil davomida xizmat qiladigan TOP 5 avtomobil va ularning texnik xususiyatlari haqida so‘z boradi.
Toyota RAV4
Toyota RAV4 o‘zining ishonchliligi bilan dunyo bo‘ylab mashhur. Model mukammal yig‘ilishi, sifatli materiallari va o‘ylangan dizayni bilan ajralib turadi. Ushbu krossoverning konstruksiyasi oddiy va mustahkam, ehtiyot qismlari esa bozorda keng tarqalgan. Bu esa uni uzoq yillar davomida soz holda ushlab turishni osonlashtiradi.

Avtomobil egalari RAV4’ning past texnik xizmat xarajatlarini, dvigatel va transmissiyaning chidamliligini alohida ta’kidlaydi. Mashina boshqaruvi yengil, saloni keng va qulay. Shu bois u nafaqat shahar sharoitida, balki uzoq safarlarda ham o‘zini isbotlaydi.
Subaru Forester
Subaru Forester ham o‘z sinfining eng mustahkam modellaridan biri sifatida qadrlanadi. Model Symmetrical AWD to‘liq uzatish tizimi bilan jihozlangan. Bu texnologiya mashinaning og‘irligini biroz oshirsa-da, yo‘lda qo‘shimcha barqarorlik va haydovchiga ishonch bag‘ishlaydi.

Forester yomon yo‘llarda ham o‘zini yaxshi tutadi, uzoq yillar davomida mustahkamligini saqlab qoladi. Muntazam texnik xizmat ko‘rsatilganda, u haydovchiga ko‘p yillar davomida ishonchli hamroh bo‘lib xizmat qiladi.
Hyundai Tucson
Hyundai Tucson mashhur U.S. News & World Report nashri tomonidan yuqori baholangan. Bu modelning turli komplektatsiyalari mavjud bo‘lib, ulardan eng mashhurlaridan biri – gibrid versiyasi. U yoqilg‘i tejamkorligini yuqori dinamika va kuch bilan uyg‘unlashtiradi.

Tucson o‘z sinfida eng yaxshi narx-sifat nisbatiga ega krossoverlardan biridir. Haydovchilar uni keng saloni, qulay boshqaruvi va ergonomik dizayni uchun qadrlaydi. Sifatli yig‘ilish va puxta muhandislik tufayli model uzoq muddat xizmat qiladi.
Honda CR-V
Honda CR-V doimiy ravishda eng ishonchli krossoverlar qatorida turadi. Ushbu model xavfsizlik darajasi va yoqilg‘i tejamkorligi bilan mashhur. Honda CR-V kuchli, ammo tejamkor dvigatellarga ega bo‘lib, ularning chidamliligi yillar davomida isbotlangan.

Avtomobilning keng modifikatsiya variantlari mavjud, bu esa xaridorlarga o‘z ehtiyojiga mos versiyani tanlash imkonini beradi. Saloni keng, o‘rindiqlari qulay, materiali esa sifatli. Shahar va trassada birdek qulaylik ta’minlaydi. Mashinaning uzoq xizmat muddati va past ta’mirlash xarajatlari uni eng ommabop krossoverlardan biriga aylantirgan.
Hyundai Ioniq 5
Hyundai Ioniq 5 – yangi avlod elektromobillari orasida ajralib turuvchi model. U Kelley Blue Book mukofotini qo‘lga kiritgan. Modelning asosiy afzalliklari tez zaryadlanish, zamonaviy interyer va texnologik imkoniyatlardir.

Elektromotor tinch va silliq ishlaydi, bu esa yoqilg‘i xarajatlarini keskin kamaytiradi. Batareyalarining uzoq muddatli chidamliligi ham yuqori baholanmoqda. Kuchli konstruksiyasi va ilg‘or texnologiyalari tufayli Ioniq 5 ham 15 yil xizmat qilish qobiliyatiga ega krossover sifatida e’tirof etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Captiva elektromobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.