Shota Rustaveli ko‘chasida harakatlanish bo‘yicha yo‘riqnoma, Qirg‘izistonda o‘lim jazosi — 1-oktabrda sodir bo‘lgan eng muhim hodisalar

Shota Rustaveli ko‘chasida harakatlanish bo‘yicha yo‘riqnoma, Qirg‘izistonda o‘lim jazosi — Kursiv Uzbekistan tomonidan 1-oktabrning eng muhim voqea va hodisalari bitta materialga jamlandi.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat yubordi

O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi osiyolik qiyofali voyaga yetmagan shaxsga tajovuz qilingani yuzasidan Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat yubordi. Bu haqda konsulxona telegram kanalida ma’lum qilindi.
30-sentabr kuni shahar markazidagi Lenin ko‘chasida bir guruh o‘smirlar osiyolik qiyofali voyaga yetmagan shaxsga tajovuz qilgan. Hodisa chog‘ida jabrlanuvchi kaltaklangan, milliy asosda haqoratli so‘zlar ishlatilgan va uni tiz cho‘ktirishga majburlashgan.
15 yil davomida xizmat qiladigan TOP 5 avtomobil

Avtomobil tanlashda ko‘plab omillar e’tiborga olinadi: narxi, qulayligi, dizayni va, albatta, xizmat muddati. Har bir haydovchi mashinasining ishonchli bo‘lishini va yillar davomida qo‘shimcha xarajatsiz xizmat qilishini xohlaydi. Mutaxassislar va haydovchilar tajribasiga ko‘ra, ayrim krossoverlar 15 yil va undan ortiq vaqt davomida mustahkamligini saqlab qoladi. Ushbu maqolada 15 yil davomida xizmat qiladigan TOP 5 avtomobil va ularning texnik xususiyatlari haqida so‘z boradi.
Shota Rustaveli ko‘chasida harakatlanish bo‘yicha yo‘riqnoma chiqarildi
Toshkent shahar hokimligi Shota Rustaveli ko‘chasida avtomobillar harakati qanday tashkil etilgani haqida video yo‘riqnoma e’lon qildi.
Mazkur ko‘cha yaqinda rekonstruksiya qilindi va ko‘plab haydovchilar orasida yo‘l harakati tartibi yuzasidan savollar paydo bo‘lgan edi.
Toshkent metropolitenining «O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi» halqa yo‘li 18-oktabrdan qayta ishga tushadi

Toshkent metropolitenining «O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi» halqa yo‘li 18-oktabrdan qayta ishga tushadi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» DUK xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi» yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida olib borilgan rejali profilaktika ishlari yakunlanmoqda.
Chevrolet Equinox 2026 taqdim etildi

GM kompaniyasi tomonidan yangilangan Chevrolet Equinox 2026 avtomobili rasman taqdim etildi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Model uchta asosiy versiyada sotuvga chiqadi. Ular LT, RS va ACTIV versiyalari bo‘lib, texnik imkoniyatlari farq qiladi. Bu komplektatsiyalar 2025-yilgi avloddan o‘zgarishsiz qolgan.
Filippinda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 69 kishi halok bo‘ldi

Filippinning markaziy qismida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. New York Times nashrining yozishicha, hodisa oqibatida kamida 69 kishi vafot etgan. 150 dan ortiq odam jarohat olgan.
Filippin vulqonologiya va seysmologiya instituti xabariga ko‘ra, 6,9 magnitudali zilzila kecha soat 22:00 atrofida 3,2 mln aholiga ega Sebu provinsiyasida yuz bergan. Zilziladan keyin bir nechta takroriy silkinishlar ham qayd etilgan.
MDH o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari yana beshta medalni qo‘lga kiritdi

Ozarbayjonda o‘tayotgan III MDH o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi taekvondo va suzish musobaqalarida navbatdagi yutuqlarga erishdi. Kechagi bahslarda sportchilarimiz jami 3 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Toshkent aeroportida robot-barista o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda

Toshkent aeroportida robot-barista o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Aeroportning xalqaro reyslar terminalida robotlashtirilgan kofe tayyorlash uchun joy auksionga qo‘yildi.
E-auksiоn.uz platformasida e’lon qilingan savdoga ko‘ra, 3 kv. metr maydon bo‘shatilgan. Aeroport hududining asosiy qismida aviakompaniyalar va samolyotlarni texnik xizmat ko‘rsatish kompaniyalari uchun mo‘ljallangan 30 va 53 kv. metr maydonlar ham sotuvga qo‘yilgan. Ularning boshlang‘ich baholari mos ravishda yiliga 144 mln va 254 mln so‘m etib belgilangan.
Qirg‘izistonda o‘lim jazosi qaytarilishi mumkin

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda o‘lim jazosini qayta joriy etishni topshirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident huquqiy ta’minot boshqarmasi rahbari Murat Ukushevga tegishli qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni vazifa qilib qo‘ydi. Qonun loyihasi bolalar, qizlar va ayollarga nisbatan jinoyatlar uchun jazoni keskin kuchaytirishni, xususan, bolalarni zo‘rlash va ayollarni zo‘rlab o‘ldirish hollari uchun o‘lim jazosini nazarda tutadi.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyaga arizalar qabul qilish 2-oktabrdan boshlanadi
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyaga arizalar qabul qilish 2-oktabrdan boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Fuqarolar ariza topshirishni uch yo‘l bilan amalga oshirishi mumkin. Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish, my.gov.uz portali orqali onlayn ariza yuborish yoki MyGov mobil ilovasi yordamida ro‘yxatdan o‘tish orqali amalga oshiriladi.
Avvalroq 30-sentabrning muhim voqealarini yozgan edik.