Men Marsda yashab, o‘sha yerda vafot etaman — Ilon Mask

Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask Marsda yashash va hayotini shu sayyorada yakunlashi mumkinligini aytdi. U bu fikrini X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
«Men uchun yagona pasport bor: AQSh. Men shu yerda yashayman va shu yerda yoki Marsda (Amerikaning bir qismi sifatida) vafot etaman», dedi u.
Mask 2020-yilda Marsda shahar qurish rejalari haqida gapirib, 2050-yilgacha million kishini u yerga jo‘natish va ko‘plab ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan edi.
Mart oyida u Starship kemasining Marsga ilk parvozi 2026-yil oxirida bo‘lishi mumkinligini e’lon qilgan. Agar missiya muvaffaqiyatli o‘tsa, avval Optimus nomli gumanoid robotlar, so‘ng 2029-yilda odamlar Marsga qadam qo‘yishi kutilmoqda. Maskning fikricha, eng real sana — 2031-yil.
Shuningdek, Tesla 2026-yilda odamga o‘xshash robotlarni keng ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirgan. Kompaniya allaqachon bu yil Optimus robotlarini ichki foydalanish uchun ishlab chiqarmoqda.
Optimus Gen 2 modeli ilg‘or sun’iy intellekt va Tesla avtopiloti bilan jihozlangan bo‘lib, nozik vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan. Uning narxi $10 – 20 ming atrofida baholanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask $500 milliardlik boylikka erishgani haqida yozgandi.