Turkiya tajribasi asosida Toshkentda Malakani baholash markazi ochilishi mumkin

O‘zbekiston va Turkiya kasbiy malaka hamda bandlik yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda aholiga kasb-hunar o‘rgatish, Yevropa kvalifikatsiya ramkasiga mos standartlarni ishlab chiqish va Toshkentda malaka baholash markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Turkiya Kasbiy malakalarni baholash agentligi bilan muloqot chog‘ida ikki mamlakatda tan olinadigan sertifikatlash tizimini yaratish va qo‘shma Malakani baholash markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Turkiyada o‘tkazilgan amaliy malaka imtihonlarida bevosita ishtirok etib, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Koreya E-7 ishchi vizasi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgan edik.