O‘zbekistondagi fond birjasining modernizatsiyasi mamlakatning investitsiya muhitini tubdan o‘zgartirishga qodir — Nasdaq

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nasdaq birjasi raisi Adena Fridman bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi milliy fond bozori rivojlanishining yangi bosqichini belgilab berdi. Ya’ni «Toshkent» fond birjasi Nasdaq bilan hamkorlikda modernizatsiya qilinadi. Mazkur yangiliklarning fond bozori uchun ahamiyatini tushunish maqsadida Kursiv Uzbekistan Nasdaq’ning savdo va yechimlar bo‘yicha direktori Dmitriy Zelentsov bilan suhbatlashdi.

— «Toshkent» fond birjasini modernizatsiya qilishning qaysi asosiy yo‘nalishlarini xalqaro standartlar nuqtai nazaridan ustuvor deb hisoblaysiz?
— Bizning fikrimizcha, «Toshkent» fond birjasini modernizatsiya qilish savdo, kliring va nazorat infratuzilmasini texnologik yangilashdan boshlanishi lozim. Eng avvalo, bozor ishtirokchilari uchun kengayish, barqarorlik va yuqori darajadagi foydalanish imkoniyatini ta’minlaydigan zamonaviy bulutli yoki gibrid yechimlarni joriy etish muhimdir. Shuningdek, ishtirokchilar va tashqi ta’minotchilarning integratsiyasini sezilarli darajada osonlashtiradigan ochiq dasturiy interfeysli modulli arxitekturaga o‘tish ham muhim yo‘nalish hisoblanadi.
Bozor suiiste’mollarini va g‘ayrioddiy holatlarni real vaqt rejimida aniqlash imkonini beradigan bozor nazorati tizimini ishga tushirish ham muhim vazifa bo‘ladi. Shuningdek, xorijiy investorlar uchun kirish imkoniyatini osonlashtirish va operatsiyalarni yanada shaffof hamda standartlashtirilgan qilish maqsadida O‘zbekiston bozorini xalqaro depozitariylar va kliring tashkilotlari bilan integratsiyalash zarur, deb hisoblaymiz.
Qo‘shimcha e’tibor shaffoflik va ma’lumotlarni oshkor qilishga qaratilishi kerak. Zamonaviy birja platformalari ham API orqali, ham chakana va institutsional investorlar uchun interfeyslar orqali foydalanish imkonini beradi. Ma’lumotlarni oshkor etish sifatining oshishi bozor ishonchliligini sezilarli darajada kuchaytiradi. Shu bilan birga, investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini rivojlantirish, korporativ boshqaruv darajasini yuksaltirish hamda yangi moliyaviy instrumentlarning paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratish lozim.
— O‘zbekiston fond bozori infratuzilmasini yangilash jarayonida Nasdaq tajribasining qaysi jihatlari eng ko‘p talab qilinadi?
— Nasdaq birjalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng xalqaro tajribaga ega bo‘lib, dunyo bo‘yicha 130 dan ortiq bozor va birjalarda texnik transformatsiyani amalga oshirgan. O‘zbekiston uchun eng dolzarb yo‘nalishlarimizdan biri yuqori ishonchlilik va moslashuvchanlikka ega bulutli platformalarga o‘tish tajribasidir. Biz yechimlarni bosqichma-bosqich joriy etish yondashuvini qo‘llaymiz, bu esa transformatsiya jarayonida operatsion xatarlarni kamaytirish imkonini beradi.
Biz taklif etayotgan Nasdaq Eqlipse nomli eng yangi texnologik platforma savdo tizimlari, kliring, depozitar hisobi, hisob-kitoblar, nazorat, ma’lumotlarni boshqarish va tahlilni yagona ekotizimga birlashtiradi. Bu kelgusida rivojlanish uchun barqaror va moslashuvchan asos yaratadi. Shuningdek, biz bozor nazorati, risklarni boshqarish va real vaqt rejimida tahlil bo‘yicha zamonaviy yechimlarni qo‘llaymiz.
Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa va Shimoliy Amerikadagi regulyatorlar va birjalar bilan hamkorlik amaliyotimiz shuni ko‘rsatadiki, bunday yondashuv nafaqat texnologik jihatdan ilg‘or, balki imkon qadar shaffof va jozibador bozor muhitini yaratishga xizmat qiladi.
— Birinchi navbatda qanday texnologik yechimlarni joriy etish rejalashtirilgan?
— Dastlabki bosqichda biz zamonaviy savdo tizimini joriy etishni ko‘rib chiqmoqdamiz. Ushbu tizim real vaqt rejimida juda ko‘p sonli buyurtmalarni qayta ishlash va yuqori darajada ishonchlilikni ta’minlash imkonini beradi. Shu bilan birga, majburiyatlarni nazorat qilish va ishtirokchilar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni avtomatik tarzda amalga oshirishga xizmat qiladigan risk-menejment va hisob-kitob tizimi ham ishga tushiriladi.
Savdolar ustidan nazorat tizimini joriy etish ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u regulyator va bozor operatoriga shubhali harakatlarni o‘z vaqtida aniqlash va manipulyatsiyalarning oldini olish imkonini beradi. Shuningdek, investorlar ishonchini va shaffoflikni oshirish uchun ma’lumotlarni oshkor etish portali hamda bozor ma’lumotlariga API orqali kirish platformasi tashkil etilishi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Bundan tashqari, xavfsizlik tizimlariga ham e’tibor qaratiladi. Bunga raqamli identifikatsiya, ma’lumotlarni himoya qilish va kirishni nazorat qilish kiradi. Ushbu yechimlarning barchasi zamonaviy, moslashuvchan va xavfsiz infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, bozor hajmi oshgani sayin uni kengaytirish imkonini beradi.
— Bugungi kunda O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori rivojlanishiga qanday to‘siqlar mavjud va ularni qanday bartaraf etish mumkin?
— Hozirgi bosqichda O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanishiga bir nechta omillar to‘sqinlik qilmoqda. Avvalo, bu nisbatan past likvidlik va faol ishtirokchilar sonining cheklanganligidir. Ushbu to‘siqni yengish uchun yangi emitentlarning listingini rag‘batlantirish, jumladan xususiylashtirilayotgan davlat aktivlarini ham jalb etish, shuningdek, ham institutsional, ham chakana investorlarni jalb qilish mexanizmlarini rivojlantirish zarur.
Ikkinchidan, texnologik bo‘linish saqlanib qolmoqda, ya’ni savdo, kliring va depozitariy jarayonlari alohida yuritilib, qo‘lda aralashuvni talab qiladi. Ushbu muammoni hal etishning yechimi barcha operatsiya jarayonlarini qamrab oladigan yagona raqamli platformaga o‘tish bo‘ladi.
Shuningdek, ma’lumotlarni oshkor etishda shaffoflik yetarli emasligi va minoritar investorlar huquqlarining zaif himoyalanganligini ham qayd etish lozim. Korporativ boshqaruv standartlarini oshirish, hisobotlarni standartlashtirish va ma’lumotlarni oshkor qilishning elektron tizimlarini rivojlantirish vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartirishga yordam beradi.
Xorijiy investorlar uchun esa valyuta va operatsion xatarlar, shuningdek, mahalliy infratuzilmaga cheklangan kirish imkoniyati asosiy to‘siqligicha qolmoqda. Xalqaro depozitariy va hisob-kitob tizimlari bilan xavfsiz va qulay aloqalar yo‘lga qo‘yilishi bu to‘siqlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Bundan kam bo‘lmagan muhim to‘siq — malakali bozor ishtirokchilarining cheklangan sonidir. Bu borada o‘quv dasturlarini tashkil etish, mutaxassislarni sertifikatlash va fintex-ekotizimini rivojlantirish zaruriyatini ko‘rib turibmiz. Bu hammasi jamida bozorni yangi, yanada yetuk bosqichga olib chiqishi mumkin.
— Birjaning modernizatsiyasi xorijiy investorlarning qiziqishiga va mahalliy kompaniyalarning ishtirokiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
— «Toshkent» birjasining modernizatsiyasi xalqaro hamda mahalliy ishtirokchilar uchun bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xorijiy investorlar nuqtai nazaridan bu jarayon bozorga bo‘lgan ishonchni oshiradi, chunki savdo jarayonlari shaffoflashadi, infratuzilma ishonchli bo‘ladi va xalqaro tartibga solish standartlariga rioya qilinadi. Standart protokollar orqali ulanishning soddalashuvi va global moliyaviy vositachilar bilan integratsiya bozorni yanada ochiq va qulay qiladi.
Shuningdek, kapitalning himoyalanishi, nazorat tizimining mavjudligi va adolatli savdo tamoyillariga amal qilinishi borasida ishonch ortadi. Bu yirik institutsional o‘yinchilar uchun muhim shartdir. Mahalliy kompaniyalar uchun esa yangilangan birja infratuzilmasi kapital jalb qilishning yangi imkoniyatlarini ochadi, listing jarayonini soddalashtiradi hamda uni ancha tushunarli va shaffof qiladi.
Likvidlikning o‘sishi va ishtirokchilar sonining ko‘payishi yanada dinamik bozor muhitini shakllantiradi, unda ham biznes, ham investorlar uchun samarali faoliyat yuritish imkoniyati yaratiladi. Bu jarayon korporativ sektor rivojlanishini rag‘batlantiradi, kompaniyalar nufuzi ortadi va qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Shu tariqa birjaning modernizatsiyasi oddiy texnologik loyiha emas, balki butun mamlakat investitsiya muhitini tubdan o‘zgartirishga qodir asosiy islohotga aylanadi.