Samarqandda alimentdan qarzdor ota shkaf ichidan topildi — video

Samarqand viloyatining Urgut tumanida aliment to‘lamay qochib yurgan ota uyidagi shkaf ichidan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro farzandining moddiy ta’minoti uchun uzoq muddat aliment to‘lamagan va qarzi 60 million so‘mga yetgan. Qochib yurgani sabab unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Tezkor qidiruv tadbirlari davomida u o‘z uyida shkaf ichiga yashirinib olgani aniqlanib, qo‘lga olindi. Fuqaro keyingi ijro harakatlari uchun davlat ijrochisiga topshirildi.
Bundan avval O‘zbekistonda aliment to‘lovlari miqdorini qayta ko‘rib chiqish taklif etilgandi. Unga ko‘ra, senatorlar aliment undirish tizimida qator muammolar mavjudligini qayd etishgan. Ayrim ota-onalar farzandlariga moddiy ta’minot berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayotgani ta’kidlandi.
2023-yilda 5 697 nafar, 2024-yilda esa 8 833 nafar shaxs aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, o‘tgan yili jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1 109 ta ayblov hukmi chiqarilgan.