2027-yilgi FIFA «U-20» Jahon chempionati O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkaziladi

FIFA Kengashining bugungi yig‘ilishida 2027-yilgi 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati mezbonlari aniqlandi. Bu haqda O‘FA ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, musobaqa O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadi.
Bu turnir FIFA milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyingi eng nufuzli musobaqa hisoblanadi. O‘zbekiston so‘nggi yillarda bir qator yirik xalqaro sport tadbirlariga mezbonlik qilib, katta tajriba to‘pladi. Jumladan, 2024-yilda o‘tkazilgan FIFA Futzal Jahon chempionati yuqori darajada tashkil etilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan edi.
2027-yilda esa eng iqtidorli yosh futbolchilar Toshkent va Boku stadionlarida to‘planib, o‘z mahoratini namoyish etadi. O‘zbekiston odatdagidek mehmondo‘stlik, professional tashkiliy yondashuv va futbolsevar muxlislarining ishtiyoqi bilan dunyo e’tiborini yana bir bor qozonishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston terma jamoasi 9-oktabrda Kuvaytga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazilishi haqida yozgan edik.