UzAirways Sankt-Peterburg yo‘nalishida aksiya e’lon qildi

Uzbekistan Airways 25-oktabrgacha Sankt-Peterburgga parvozlarda maxsus aksiya joriy etdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Endilikda Namangan, Urganch, Buxoro, Farg‘ona, Qarshi, Termiz va Samarqanddan ushbu shahar yo‘nalishida borib-qaytish chiptalarini xarid qilgan yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik taqdim etiladi.
Aksiya doirasida ekonom-klass yo‘lovchilari 32 kilogrammgacha yukni bepul tashish huquqiga ega bo‘ladi. Bu imkoniyat chiptaning sotib olingan sanasidan qat’i nazar, barcha reyslarga, jumladan, Siberia Airlines (S7) bilan Code-Share asosida rasmiylashtirilgan chiptalarga ham tatbiq etiladi.
Chipta xarid qilish Uzbekistan Airways’ning rasmiy booking.uzairways.com sayti, mobil ilova, kompaniya savdo ofislari hamda agentliklar orqali amalga oshirilishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston havo hududi endi UZ kodi bilan tanilishi haqida yozgandi.