Yandex Go taksi xizmatini kar va zaif eshituvchilar uchun moslashtirdi

Yandex Go platformasi kar va zaif eshituvchi haydovchilar uchun yangi imkoniyatlarni ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya Kursiv’ga ma’lum qildi.
Endilikda ular xizmatga telefon qo‘ng‘iroqlarisiz, maxsus moslashtirilgan veb-sayt orqali ulanib, o‘quv materiallarini ishora tilida o‘rganishlari mumkin. Avtomobillarda haydovchi va yo‘lovchi o‘zaro muloqot qilishi uchun maxsus kartochkalar ham joriy etildi.

Hozirda O‘zbekistonda Yandex Go bilan hamkorlik qilayotgan 700 nafar kar va zaif eshituvchi haydovchi oyiga 35 mingdan ortiq safar amalga oshirmoqda. Yangi imkoniyatlar Xalqaro karlar kuni munosabati bilan taqdim etildi va ular eshitishda muammosi bo‘lgan haydovchilarning fikr-mulohazalari asosida ishlab chiqildi.
Yo‘lovchilar bilan muloqotni yengillashtirish uchun avtomashinalarda «Kar yoki zaif eshituvchi haydovchi» yozuvi tushirilgan yostiq g‘iloflar hamda kartochkalar joylashtirilgan. Shuningdek, taksoparklar uchun kar haydovchilar bilan to‘g‘ri muloqot qilish bo‘yicha maxsus qo‘llanma ishlab chiqilib, Yandex Pro’da ochiq foydalanishga qo‘yildi.

Shuningdek, Yandex Pro ilovasida kar haydovchilar uchun buyurtma kelganda telefon titrashi, ekran yonib-o‘chishi va muloqot faqat chat orqali amalga oshirilishi kabi maxsus funksiyalar joriy qilingandi.
Avvalroq «Kursiv» Yandex Uzbekistan o‘zbek tilida so‘zlashuvchi Alisani taqdim etgani haqida yozgandi.