
3-oktabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev 22 yoshni qarshiladi.
Futbolchi Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan va professional faoliyatini Toshkentning «Paxtakor» klubida boshlagan. U 2021 – 2023-yillar davomida ushbu jamoa sharafini himoya qildi. U 2023-yil avgustida esa «SSKA» bilan shartnoma imzoladi.
Rossiya Premyer-ligasidagi ilk mavsumidayoq u yirik sovringa sazovor bo‘ldi. «SSKA» safida o‘ynagan vaqtida Fayzullayev Rossiya Kubogi va Rossiya Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Joriy yil yozida esa futbolchi faoliyatini Turkiya superligasida davom ettirishga qaror qildi. U «Istanbul Bashakshehir» jamoasiga 7,5 mln yevro evaziga o‘tdi. Transfermarkt portali 8-iyul holatiga ko‘ra uning bozor qiymatini 8 mln yevroga baholagan.
Milliy terma jamoa safida Abbosbek Fayzullayev 2023-yil iyunida debyut qilgan. Shu vaqtga qadar u terma jamoa safida 32 ta uchrashuv o‘tkazib, 8 ta gol muallifi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abbosbek Fayzullayevga «Benfika» klubidan taklif bo‘lgani ochiqlangani haqida yozgan edi.