O‘zbekiston Rossiyadagi migrantlar uchun imtihonlarni soddalashtirishni taklif qilmoqda

O‘zbekiston Rossiyadagi migrantlar uchun imtihonlarni soddalashtirishni taklif qilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev ma’lum qildi.
O‘zbekiston va Rossiya mehnat bozorini shakllantirishga bag‘ishlangan forumda Behzod Musayev Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning erkin harakatlanishi hamda ish ruxsatnomasini olishdagi murakkab jarayonlarni soddalashtirish masalalarini ko‘tardi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada ishlash istagini bildirsa, til imtihonini o‘z yurtida, jumladan, hududlarda topshirish imkoniyati bo‘lishi kerak.
«Til imtihonini topshirishda tarix va qonunchilikka oid ko‘plab murakkab va hech kimga kerak bo‘lmagan savollar bor. Biz bu misollarni keltirib o‘tdik. [Rossiya prezidenti huzuridagi] Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari va rahbariyati so‘zlarimizning to‘g‘riligini tushunadi», — dedi Migratsiya agentligi direktori.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Rossiyada vaqtinchalik ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 1,3 million atrofida. Shu bilan birga, bu ko‘rsatkich mavsum va ish beruvchilar talabiga qarab o‘zgarib turadi.
Avvalroq Rossiyada rus tilini bilmagan migrantlarga haydovchi va shifokorlik qilish taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Bu haqda Rossiya mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari Andrey Pudov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, haydovchi, sotuvchi va tibbiyot xodimi lavozimlariga jalb etiladigan migrantlar rus tili va Rossiya tarixidan imtihon topshirish majburiyatidan ozod etilmasligi belgilandi.
Bundan oldin Davlat dumasi deputatlari umumiy majlisda hukumat kvotasi asosida Rossiyada ishlayotgan migrantlarni rus tili va Rossiya tarixi bo‘yicha test topshirish talabidan ozod etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilgan edi. Duma spikeri Vyacheslav Volodin esa Ichki ishlar vazirligiga Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligining hukumat kvotasi asosida Rossiyaga taklif etiladigan kasblar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.