«JCh – 2026» chiptalari narxi e’lon qilindi

FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati uchun chiptalar narxini e’lon qildi va ular futbol tarixida rekord darajada qimmat boʻlishi aniq boʻldi.
The Athletic nashrining yozishicha, AQSh, Kanada va Meksikada oʻtkaziladigan mundialda oddiy muxlis uchun oʻyinlarni tomosha qilish ancha qimmatga tushadi.
Guruh bosqichi uchun uchinchi toifadagi eng arzon chipta $140 etib belgilangan. Shu bilan birga, Los-Anjeles, San-Fransisko va Nyu-Jersidagi stadionlarning eng yaxshi oʻrinlari $620 dan boshlanadi.
Chorak final uchrashuvlari uchun chiptalar $275 dan 1690 gacha, yarim final esa $420 dan 2780 gacha sotilmoqda. Uchinchi oʻrin uchun oʻyinga chipta narxi $165 – 1000 atrofida boʻladi.
Asosiy shov-shuv esa final bahsida kutilmoqda. «MetLife Stadium»da oʻtkaziladigan hal qiluvchi oʻyin uchun narxlar juda qimmat: birinchi toifa chiptalar $6730, ikkinchi toifa $4210, uchinchi toifa $2790 va toʻrtinchi toifa $2030 qilib belgilangan. Taqqoslash uchun, 2018-yil Rossiyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida finalga chipta $455 dan boshlangandi.
Mutaxassislar bu keskin farqni talabning nihoyatda yuqoriligi va turnirni tashkil etish xarajatlari bilan izohlamoqda. FIFA shuningdek, moslashuvchan narxlash tizimini joriy etganini bildirgan. Ya’ni talab kuchaysa, narxlar yanada oshishi mumkin.
Mundial ilk bor uch davlatda oʻtkaziladi va tarixdagi eng yirik chempionatga aylanadi. Unda 48 terma jamoa qatnashib, jami 104 ta uchrashuv oʻtkaziladi. Turnir 11-iyunda start olib, 19-iyul kuni Nyu-Jersidagi final bahsi bilan yakunlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi Jahon chempionati rasmiy toʻpi taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.