Hamas garovdagilarni ozod qilishga rozi bo‘ldi, Tramp Isroildan hujumlarni to‘xtatishni talab qildi

Falastinning Hamas harakati AQSh prezidenti Donald Tramp taklif etgan tinchlik rejasining ayrim shartlarini qabul qilib, G‘azodagi garovga olinganlarning barchasini ozod qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Harakat bayonotida tirik qolgan garovdagilar va halok bo‘lganlarning jasadlari Tramp ilgari surgan «almashuv formulasi» bo‘yicha Isroil tomoniga topshirilishi qayd etilgan. Hamas, shuningdek, muzokaralarni vositachilar orqali zudlik bilan boshlashga hozirligini ta’kidladi.
Tramp Truth Social’dagi murojaatida bu tashabbusni olqishlab, Isroilni G‘azo sektorini bombardimon qilishni to‘xtatishga chaqirdi.
«Bu faqat G‘azo haqida emas, balki Yaqin Sharqda uzoq kutilgan tinchlik haqida», dedi AQSh prezidenti.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasi Hamasning javobidan so‘ng Tramp rejasining birinchi bosqichi — asirlarni ozod qilish bo‘yicha tayyorgarlik boshlangani haqida ma’lum qildi. Mahalliy OAVga ko‘ra, Isroil armiyasi hujum faoliyatini qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma olgan.
Hamas G‘azo sektoridagi hokimiyatni falastinlik texnokratlarga topshirishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, qurolsizlanish masalasida yon bermadi. Guruh Isroil to‘liq va darhol chiqib ketmaguncha demilitarizatsiyaga rozi bo‘lmasligini ta’kidladi.
Qatar, Misr va AQSh Tramp rejasi yuzasidan muzokaralarni davom ettirish uchun hamkorlikni boshlab yuborgani ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, Isroilning 2023-yil oktabridan buyon olib borayotgan harbiy amaliyotlari oqibatida G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 66 mingdan ortiq falastinlik, jumladan, ko‘plab bolalar halok bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qatar Hamasni AQShning sulh tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgani haqida xabar bergan edi.