Biz yaxshiroq munosabatga loyiq edik — OʻFA terma jamoalar sobiq rahbari

4-oktabr 2025 14:19 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: O‘FA

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (OʻFA) terma jamoalar boʻlimining sobiq rahbari Sherzod Igamberdiyev oʻzining Instagram sahifasida keskin bayonot bilan chiqdi. U jamoani tark etish qarorini tushuntirar ekan, milliy terma jamoada yuz berayotgan voqealarni «sirk» deb atadi.

«Ishni tashlab ketish men uchun juda ogʻir va alamli qaror boʻldi. Ammo hozirgi sharoitda qolish mumkin emas edi. Biz bu jamoa bilan uzoq yoʻlni bosib oʻtdik. Futbolchilarimiz ham, futbol jamoatchiligi ham yaxshiroq munosabatga loyiq edi», deb yozdi Igamberdiyev.

Unga koʻra, jim qolib, mukofotlar, chet el safarlari va chiroyli suratlar evaziga rozi boʻlish mumkin edi. Biroq sobiq rahbar bunday yoʻlni tanlamaganini, jamoani va mamlakat nomini qadrlagani uchun oʻz pozitsiyasida qat’iy qolganini aytdi.

Foto: Instagram / Sherzod Igamberdiyev

«Men bu jamoani chin dildan yaxshi koʻraman, yurtimiz nomini juda qadrlayman. Shuning uchun yoʻq dedim. Men bu sirkning bir qismi boʻlishni istamadim», deydi u.

Sherzod Igamberdiyev 9-sentabr kuni OʻFA tark etgani haqida ma’lum qilgan edi. Uning bayonoti ayni paytda Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlanishi boʻyicha davom etayotgan muzokaralar fonida yangradi.

OʻFA hozirda jamoaga tajribali mutaxassisni jalb qilish ustida ish olib borayotgani va italiyalik Fabio Kannavaro bilan muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fabio Kannavaro Oʻzbekiston terma jamoasida yiliga 4 mln yevro maosh olishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek