O‘zbekistonda pensiya naqd to‘lovlari Face-ID orqali amalga oshirilmoqda

O‘zbekistonda pensiya to‘lovlarida yangi tartib joriy etildi. Endilikda fuqarolarga pensiyalar naqd pulda berilayotganda shaxsni biometrik identifikatsiya, ya’ni Face-ID orqali tasdiqlash yo‘lga qo‘yildi.
Pensiya jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, tizim 2025-yil oktabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich joriy qilinadi. To‘lov jarayonida nafaqat fuqaroning yuzi Face-ID orqali aniqlanadi, balki elektron imzo ham olinadi. Bu tartib pensiyalarni o‘z egasiga to‘liq va o‘z vaqtida yetkazishni kafolatlash uchun ishlab chiqilgan.
«Ushbu tizimni joriy etishdan koʻzlangan maqsad – pensiyalarni fuqarolarga toʻliq va oʻz vaqtida yetkazish. Endilikda toʻlov jarayonida boʻlishi mumkin boʻlgan Xalq banki tomonidan hisobotlarda «toʻlandi» deb hisobot berilib, amalda fuqaroga toʻlanmaslik yoki boshqa shaxslarga toʻlab yuborish holatlari oldi olinadi«, deyiladi xabarda.
Biometrik identifikatsiya uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki mablag‘lari hisobidan ta’minlangan. Shuningdek, Adliya vazirligi fuqarolarning biometrik ma’lumotlarini bepul taqdim etmoqda.
Avvalroq «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov pedagoglar uchun pensiya yoshini 50 yosh etib belgilash keraklligi haqida aytgan edi.