O‘zbekiston va Trabzon o‘rtasida turizm hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Turkiyaning Trabzon viloyati madaniyat va turizm boshqarmasi rahbari Tamer Erdog‘an bilan hamkorlik uchrashuvi o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Suhbat davomida ikki hudud o‘rtasida sayyohlik hamkorligini rivojlantirish va doimiy aviareyslarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tamer Erdog‘an ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda 10 mingdan ortiq o‘zbekistonlik sayyohlar Trabzonga tashrif buyurgan. Shu bilan birga, turk sayyohlarining ham O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida turkompaniyalar o‘rtasida aloqalarni faollashtirish hamda Trabzonda O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib etuvchi tadbirlar o‘tkazishni qo‘llab-quvvatladilar.
Shuningdek, 29 – 31-oktabr kunlari Trabzonda o‘tkaziladigan O‘zbekiston meva-sabzavot yarmarkasi va o‘zbek san’at ustalari konserti yuqori darajada tashkil etilishi belgilandi.
Uchrashuv yakunida Trabzon viloyatining 27 – 29-noyabr kunlari Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida maxsus pavilyon bilan ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq keksalar uchun poyezd chiptalariga 20 foiz chegirma e’lon qilingan edi.