O‘lim jazosi masalasini xalq hal qiladi — Sadir Japarov

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘lim jazosini qayta joriy etish bo‘yicha muhokamalarga izoh berdi. Unga ko‘ra, bu masalada yakuniy qarorni xalq referendum orqali qabul qilishi mumkin.
Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Asqat Alagozov ma’lum qilishicha, Japarov bu tashabbusni 17 yoshli Oysuluv Mukashevaning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi ortidan ko‘tarilgan jamoatchilik talabidan kelib chiqqan holda qo‘llab-quvvatlagan.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, voyaga yetmaganlar va ayollarga qarshi jinoyatlar soni ortib bormoqda, oddiy qamoq jazosi esa jinoyatchilarni to‘xtata olmayapti. Shu sababli u o‘lim jazosi jinoyatlar sonini kamaytirishi mumkinligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Japarov korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bu jazo doirasiga kiritilmasligini ham aytdi. Gap faqat qotillik va pedofiliya kabi og‘ir jinoyatlar haqida ketmoqda. Prezident sud tizimiga ishonchsizlik borligini ham tan olgan, ammo zamonaviy texnologiyalar yordamida – tergovlarni videoyozuvlar bilan tasdiqlash, sud jarayonlarini onlayn ko‘rsatish orqali adolatsizlikka yo‘l qo‘yilmasligini aytdi.
«Bu qarorni biz yolg‘iz qabul qilmaymiz, xalq bilan maslahatlashamiz. Masala umumxalq referendumiga qo‘yilishi mumkin, Agar ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlasa, Konstitutsiya va qonunlarga o‘zgartirishlar kiritiladi», deydi prezident.
Avvalroq Japarov huquqiy ta’minot boshqarmasi rahbari Murat Ukushevga tegishli qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni vazifa qilib qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Qonun loyihasi bolalar, qizlar va ayollarga nisbatan jinoyatlar uchun jazoni keskin kuchaytirishni, xususan, bolalarni zo‘rlash va ayollarni zo‘rlab o‘ldirish hollari uchun o‘lim jazosini nazarda tutadi.