Kannavaroning maoshi 4 million yevro emas — Ravshan Irmatov

Bugun, 6-oktabr kuni Milliy futbol markazida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov Kannavaroning yillik maoshi 4 million yevro atrofida ekani haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etdi.
«Kannavaroning maoshi 4 million yevro emas. Hatto uning yarmining yarmi ham emas. Lekin bu masala ikki tomon kelishuv asosida ochiqlanmaslikka qaror qilindi», — dedi Irmatov jurnalistlar savoliga javoban.
Kannavaro bilan 2+3 shaklida shartnoma tuzilganini O‘FA rahbariyati tasdiqladi.
Shu bilan birga, tashkilot avvalroq Germaniya terma jamoasining sobiq murabbiyi Yoaxim Lyev va Portugaliya mutaxassisi Paulu Bentu bilan muzokaralar olib borganini, boshqa murabbiylar nomi esa noto‘g‘ri tarqatilganini ma’lum qildi.
Milliy jamoada vaqtinchalik murabbiyi sifatida faoliyat olib borgan Timur Kapadze jamoadagi kelgusi faoliyati haqida to‘xtaldi.
«Jamoaga omad tilayman. O‘zbekiston terma jamoalarida 4 yildan ziyod faoliyat olib bordim va o‘ylaymanki, uni munosib bajara oldim. Yangi bosh murabbiyga muvaffaqiyat tilayman. Ushbu va keyingi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida jamoaga yordam beraman, qolganini vaqt ko‘rsatadi», — dedi Kapadze.
Avvalroq Kursiz Uzbbekistan Fabio Kannavaro rasman Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.