Rossiyada O‘zbekistondan keltirilgan 20 tonnadan ortiq uzum qaytarib yuborildi

Rossiyaning «Rosselxoznadzor» agentligi Krasnodar aeroportida O‘zbekistondan olib kelingan 20,7 tonna uzum partiyasini qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda Kub News ma’lum qildi.
Bunga uzum orasida Rossiyada taqiqlangan parazit o‘simlik, ya’ni povilika topilgani sabab bo‘lgan.
Agentlikning 6-oktabr kuni bergan rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Kuban poytaxtiga kirib kelgan uzum namunalarida parazit o‘simlikning tirik holatda mavjudligi laboratoriya tekshiruvi orqali tasdiqlangan. Natijada butun uzum partiyasi O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan.
Ma’lumot uchun, dunyoda povilikaning 270 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ular ko‘plab mamlakatlarda uchraydi. Ushbu o‘simliklar ip shaklidagi ingichka novdalar bilan boshqa o‘simlikka o‘ralib, uning ozuqasidan foydalanadi va hosil sifatini keskin pasaytiradi.
Rosselxoznadzor vakillari bunday holatlarning oldini olish uchun import mahsulotlarni yanada qat’iy nazoratdan o‘tkazish zarurligini qayd etishdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Eksport uch qadamda» tizimi temir yo‘lda joriy etilgani haqida yozgan edik.