Shota Rustaveli ko‘chasida avtobus harakati 7-oktabrdan boshlanadi

eʼlon qilindi
38, 57 va 58-sonli avtobuslar
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Shu yilning 7-oktabridan boshlab Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasida markaziy avtobus yo‘lagi faoliyat boshladi. Dastlabki bosqichda ushbu yo‘lak orqali 38, 57 va 58-sonli avtobuslar harakatlanadi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Mazkur loyiha jamoat transporti uchun ustuvorlikni ta’minlash, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulay hamda xavfsiz harakatlanish sharoiti yaratishga qaratilgan.

Yo‘lovchilar uchun muhim eslatmalar

Avtobuslar endi yo‘lning o‘rta qismidagi maxsus ajratilgan yo‘lakda harakatlanadi. Chiqish va tushish faqat yo‘l o‘rtasida joylashgan platformalardagi bekatlarda amalga oshiriladi. Platformaga faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali chiqish mumkin.

Shuningdek, avtobus to‘liq to‘xtagachgina eshikka yaqinlashing, sariq xavfsizlik chizig‘i ortida turing. Avval keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolali yo‘lovchilarga yo‘l bering.

Haydovchilar uchun qoida va cheklovlar

Shota Rustaveli ko‘chasining o‘rta yo‘lagi faqat avtobuslar uchun mo‘ljallangan. Boshqa transport vositalarining bu yo‘lakda harakatlanishi, to‘xtashi yoki yo‘lni kesib o‘tishi qat’iyan man etiladi. Chapga burilish va ortga qayrilish ikki yo‘nalishda ham taqiqlangan. Zarur hollarda faqat belgilangan chorrahalar orqali harakatlanish lozim.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda beshta avtobus yo‘nalishi vaqtinchalik o‘zgartirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek