Isroil Greta Tunberg va 170 nafar faolni deportatsiya qildi

Isroil hukumati iqlim faoli Greta Tunberg va yana 170 nafar xalqaro faollarni mamlakat hududidan chiqarib yubordi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Ular o‘tgan haftada G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazmoqchi bo‘lgan flotiliya tarkibida qo‘lga olingan edi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi bayonotida barcha faollarning huquqlari ta’minlangani ta’kidlandi. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, Tunberg va boshqa ishtirokchilar Ramon xalqaro aeroportidan samolyotda jo‘natilgan.
Shveysariya va Ispaniya fuqarolari bo‘lgan ayrim faollar hibsda insoniy sharoitlar buzilganini, ularni uyqusiz, och, suvsiz va kaltaklanganini da’vo qildi. Shvetsiyalik ishtirokchilar esa Tunbergni majburan Isroil bayrog‘ini kiyishga undashganini aytishdi.

Isroil hukumati bu ayblovlarni butunlay rad etib, barcha hibsdagilarga ovqat, suv va tibbiy yordam ta’minlanganini bildirdi.
«Bizga nisbatan bosim bo‘ldi, ammo bu falastinliklarning har kuni boshidan kechirayotgan azoblari bilan solishtirganda juda kichik narsa», dedi Flotiliyada sobiq Barselona meri Ada Kolau.
Shu tariqa Isroil tomonidan deportatsiya qilingan faollar soni 341 nafarga, hibsga olinganlar esa 479 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyada G‘azo flotiliyasi uchun umumxalq ish tashlash namoyishi o‘tkazilgan edi.