So‘x: Qirg‘iziston tog‘laridagi o‘zbek anklavidagi hayot

So‘x — O‘zbekistonning Qirg‘iziston tog‘lari orasida joylashgan anklavi bo‘lib, kichik hududda qariyb 87 ming kishi istiqomat qiladi. Ushbu hududda asosan kartoshka, makkajo‘xori va noyob hisoblangan za’faron yetishtiriladi. Har kuni yuzlab so‘xliklar o‘qish, ishlash va savdo qilish maqsadida chegaradan o‘tishga majbur bo‘ladi.
2020-yilning may oyida suv resurslari masalasida qo‘shni Qirg‘izistonning bir qishlog‘i bilan yuzaga kelgan ziddiyatdan so‘ng O‘zbekiston hukumati So‘xga alohida e’tibor qaratdi. Shundan so‘ng hududda infratuzilma rivojlantirish ishlari boshlab yuborildi: yangi yo‘llar, uylar, maktablar va boshqa ijtimoiy obyektlar barpo etilmoqda. Biroq anklav maqomi hali ham ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda va so‘xliklar ularning yechimini intiqlik bilan kutmoqda.
Kursiv Uzbekistan nashri So‘x aholisining hayoti qanday o‘zgarayotgani, ular nimani orzu qilayotgani va qanday o‘zgarishlarni kutayotganini bilishga qaror qildi.
So‘x uzra yoyilgan za’faron ifori

Tong nurlari So‘xning baland tog‘li qishloqlarini yoritmoqda. Musaffo havoda tog‘ yonbag‘irlarida o‘sayotgan za’faron gullarining nozik hidi seziladi.
Bu nafis o‘simlik yaqinda bu yerda yetishtirila boshlandi va allaqachon mahalliy dehqonlar uchun katta umid uyg‘otmoqda. Chunki za’faron noyob va qimmatbaho ziravor hisoblanadi.
Fermer Rashod Odilboyev za’faron ekilgan dalada gulbarglarga shikast yetkazmaslik uchun qator oralaridan ehtiyotkorlik bilan yuradi. Za’faron uning faxri: So‘xda za’faron yetishtirishni birinchi bo‘lib aynan u boshlagan.

«2022-yilda tomorqamga bor-yo‘g‘i ikki sotix yerga za’faron ekib ko‘rdim. Internetda bu madaniyat haqida nima topgan bo‘lsam, hammasini o‘rgandim. Ilk hosilni sotganimdayoq tushundim: bu ishning kelajagi bor», — deb eslaydi fermer.
Ishonch unga yangi qadamlar qo‘yishga kuch berdi. Mahalliy hokimiyat unga uzoq vaqtdan beri bo‘sh turgan 12 gektar yerni ajratdi. Bugungi kunda bu maydonning besh gektariga za’faron ekilgan, qolgan qismi esa kelgusi ekin mavsumiga tayyorlanmoqda.

Rashodning kooperativi hozirda 18 nafar doimiy xodimni ish bilan ta’minlaydi. Hosil mavsumida esa bu raqam 70 – 80 kishigacha yetadi. Ishchilarning vazifasi — za’faron gullarini terish, quritish va mayin gulbarglarni qo‘lda ajratish.

Fermer xo‘jaligi endilikda xalqaro bozorlarga yo‘l olmoqda. Yaqinda Kuvayt bilan eksport shartnomasi imzolandi. 2025-yil oktabr oyi o‘rtalarida ushbu mamlakatga 20 kilogramm sinov partiyasi yuborilishi rejalashtirilgan. Bu kichik xo‘jalik uchun katta yutuq.
«Biz loyihani endi boshlaganimizda, to‘siqlar juda ko‘p edi. Qirg‘iziston chegarachilari va bojxonachilari hujjatlarni rasmiylashtirguncha chegarada soatlab kutishga majbur bo‘lardik», — deydi Rashod.
Ammo vaziyat asta-sekin ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Yaqinda ishga tushgan yangi aeroport, soddalashtirilgan bojxona postlari va qo‘shnilar bilan iliqlashayotgan munosabatlar fermerlar uchun qulaylik yaratmoqda.
«Mening eng katta orzuyim – za’faronni So‘xda iloji boricha ko‘proq fermerlar yetishtirsin. Chunki unga doim talab bo‘ladi», — deydi fermer.
Darhaqiqat, So‘xning yumshoq iqlimi, suvining mo‘lligi za’faron yetishtirish uchun yaxshi sharoit yaratadi.
Tog‘ kartoshkasi, uzoq yo‘l

Farg‘ona vodiysi Rishton va Qo‘qonda shaharlarida kuzgi kartoshka hosilining bozorlarga chiqishi kutilmoqda. Hosil ayni pishgan pallada. Biroq tog‘li hududda ob-havo har doim ham dehqonlar foydasiga emas: osmon bulutli, havoda namlik.
Yomg‘ir to‘satdan boshlansa, daladagi ishni to‘xtatishga majbur qiladi. Shunday vaziyatlarda ham 70 yoshli dehqon Subhonberdi Mavlonov yoshlar qatori dalaga chiqadi. Ishchilar bilan yelkama-yelka ishlaydi – hosilni iloji boricha tezroq yig‘ib olish kerak.
Kartoshka terimida, asosan, asosiy ishchi kuchi – ayollar. Ular tuproqdan chiqarilgan tugunaklarni terib, 10 – 15 kilogrammli to‘rlarga joylashadi. So‘ng esa yuk mashinasiga oson yuklash uchun ularni jo‘yaklar chetiga tayyorlab qo‘yishadi.
Subhonberdi Mavlonov yer bilan chorak asrdan beri shug‘ullanadi. Xo‘jaligida makkajo‘xori, sabzi, piyoz ham yetishtiriladi, biroq asosiy daromad manbai – kartoshka. Uni vositachilarsiz, bevosita xaridorlarga sotadi.
Biroq mahsulotni bozorlarga yetkazish oson emas. Qo‘shni tumanlarga borish uchun Qirg‘iziston hududi orqali o‘tish talab etiladi.
«Chegarada hujjatlar bir necha soatlab tekshiriladi. Bu esa odamni charchatadi va ba’zida mahsulotni o‘z vaqtida yetkazishga to‘sqinlik qiladi», — deydi dehqon.
Xo‘jalikda suv muammosi deyarli yo‘q, ahyon-ahyonda qiyinchiliklar uchrab turadi, xolos. Sug‘orish uchun tog‘ daryosining suvidan foydalaniladi.

Subhonberdi So‘x butun vodiyni boqa olishiga ishonadi. Ammo buning uchun kartoshkani qo‘shni tumanlarga olib chiqishni soddalashtirish kerak.
So‘xda ona tilini asrash ta’limdan boshlanadi

So‘xdan Farg‘onagacha bo‘lgan yo‘l Dilfuza Usmonova uchun shunchaki yo‘l emas. Universitetga o‘qishga borish uchun u ikkita qirg‘iz va ikkita o‘zbek bojxona postini kesib o‘tishi va Qirg‘iziston hududi bo‘ylab taxminan 30 km masofani bosib o‘tishi kerak. Ba’zan chegarada navbatlar yuzaga keladi, shunda safar bir necha soatga cho‘ziladi.
Dilfuza Farg‘ona universitetining tojik filologiyasi fakultetida to‘rtinchi bosqichda o‘qiydi. Maktabdan so‘ng u tojik tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lishga qaror qildi. So‘xda bunday o‘qituvchilar tobora kamayib bormoqda, ta’lim tojik tilida olib boriladigan maktablar esa sanoqli.
«Men bolalarning o‘z madaniyati va ona tilidan uzilib qolmasligini istayman», — deydi u.
Dilfuza o‘qishga davlat tomonidan ajratilgan maxsus grant asosida qabul qilingan. Bu grantlar 2020-yilda So‘xda yuz bergan mojaro va fojiali voqealardan so‘ng joriy etilgan bo‘lib, ular So‘xlik yoshlar uchun respublika OTMlarida 500 ta budjet o‘rinlarini nazarda tutadi.

Kvotalar hisobiga so‘xlik talabalar soni oliy ta’lim muassasalarida 5 foizdan 30 foizgacha oshdi. An’anaviy oilalarda ulg‘aygan qizlar uchun bu dastur nafaqat o‘qish, balki kasb egallash va mustaqil hayotga qadam bo‘lish imkoniyatini berdi.
So‘xda hayot OAV e’tiborida

Sodiq Tohirov — So‘xdagi yagona mahalliy gazeta «Sadoi Sux» («So‘x ovozi»)ning bosh muharriri. 64 yoshda bo‘lishiga qaramay, u hali ham ishlamoqda. Negaki, uning o‘rnini bosadigan kadr hozircha topilgani yo‘q.
Gazeta bugungi kunda 700 nusxada chop etiladi va So‘x hayoti haqida rasmiy, ishonchli axborot tarqatadigan asosiy manbaga aylangan. «Sadoi Sux» tojik tilida nashr etiladi. Bu til So‘xda asosiy muloqot tillaridan biri.
Yosh jurnalistlar kam maosh tufayli tahririyatga ishga kirishni xohlamaydilar. Gazeta yarim asrdan ko‘proq vaqtdan beri nashr etiladi va anklav hayoti haqidagi yangiliklarning asosiy manbai bo‘lib qolmoqda.
So‘xda, shuningdek, «So‘x TV» nomli mahalliy telekanal ham faoliyat yuritadi. U o‘zbek va tojik tillarida efirga uzatiladi. Kanalning bosh nyusmeykeri Jahongir Sobirov bo‘lib, uning reportajlari orqali «katta» O‘zbekiston So‘xdagi hayotdan xabardor bo‘ladi.

«So‘xning asosiy muammosi – yoshlar o‘rtasida ishsizlik. Ko‘pchilik Rossiyaga ishlash uchun ketadi va migrantlarning o‘tkazmalari oilalar uchun asosiy daromad manbaiga aylanadi», — deydi muxbir.
Ayrim yosh oilalar barqaror hayot izlab, O‘zbekistonning boshqa hududlariga ko‘chib ketmoqda. Ammo qolishni istaganlarga ham imkoniyat yaratilmoqda. So‘x tumani hokimligi fuqarolarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratish orqali dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlamoqda.
«Shu orqali aholini ish bilan ta’minlashga harakat qilayapmiz. Ammo asosiy muammo — So‘xda sanoat yo‘qligi», — deydi tuman hokimining o‘rinbosari Muslimbek Mavlonbekov.
Rasmiylarning aytishicha, So‘xda sanatoriy-kurort yo‘nalishi hamda agroturizmni rivojlantirish bo‘yicha rejalar bor. Tog‘li hudud, musaffo havo va tabiiy boyliklar anklavni turistik manzilga aylantirish imkonini beradi.
Materik bilan aloqa

2021-yil noyabr oyida Farg‘onadan So‘xga birinchi sinov aviareysi amalga oshirilgan edi. Bugungi kunga kelib, haftasiga 3-4 marta samolyotlar qatnamoqda. Bu yangi havo yo‘li anklav aholisi uchun muhim transport vositasi bo‘lib xizmat qilyapti.
Biroq shunga qaramay, So‘xning O‘zbekistonning «materik» hududi bilan asosiy aloqasi avtomobil yo‘llari orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

So‘x aholisi jiddiy tibbiy xizmatlardan foydalanish, laboratoriya tahlillarini topshirish yoki jarrohlik amaliyotlari uchun Farg‘ona yoki Qo‘qon shaharlariga borishga majbur.
Hatto oddiy uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechak yoki o‘g‘it xarid qilish uchun ham Qirg‘iziston hududidan o‘tishga to‘g‘ri keladi.
«Uchko‘prik tumaniga olib boradigan juda qisqa yo‘l bor – Qirg‘iziston orqali atigi 7 kilometr. Agar bu yo‘lak ochilib, barcha chegara postlari olib tashlansa, so‘xliklar uchun qatnov ancha yengillashadi», — deydi tuman hokimining o‘rinbosari Muslimbek Mavlonbekov.
Yaqinda chegara o‘tish tartibida ba’zi yengilliklar joriy qilindi. 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston aholisi milliy pasport yoki ID-karta bilan chegaradan o‘tishi mumkin, bu esa aholining harakatlanishini biroz bo‘lsa-da soddalashtirdi.