Toshkentga 2026-yilgacha 1,2 mingta yangi avtobus olib kelinadi

Transport vazirligi senator soʻroviga javoban Toshkent shahrida jamoat transportini modernizatsiya qilish boʻyicha yirik dastur amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Dasturga koʻra, 2025-yil oktabr oyida poytaxtga 200 dona yangi elektrobus olib kelinadi, 2026-yilda esa qoʻshimcha 1000 ta avtobus xarid qilinadi. Joriy yilning oktabrida olib kelinadigan 12 metrli 200 ta elektrobus hisobiga poytaxt jamoat transporti tizimida bir qator oʻzgarishlar amalga oshiriladi.
Jumladan, toʻrtta yangi avtobus yoʻnalishi tashkil etiladi, olti yoʻnalishda harakat yoʻli oʻzgartiriladi va toʻrtta yoʻnalishda qatnov soni oshiriladi. Shuningdek, Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan 467, 470, 472, 473 va 477-sonli avtobus yoʻnalishlari poytaxt yoʻnalishlari tizimiga kiritiladi.



2026-yilda esa Toshkent shahri va unga tutash aglomeratsiya hududlarini toʻliq qamrab olish maqsadida 1000 dona avtobus xarid qilinadi. Bu transport vositalarining 30 tasi 18 metrlik oʻta katta sigʻimli, 500 tasi 12 metrlik katta sigʻimli, 470 tasi esa 9 metrlik oʻrta sigʻimli avtobus va elektrobuslardan iborat boʻladi.
Shu bilan birga, yangi avtobuslar uchun Yangi Toshkent hududida uchta zamonaviy avtosaroy qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 2800 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Vazirlikning ma’lumotiga koʻra, barcha bosqichlar amalga oshirilgach Toshkentdagi avtobuslar soni 2891 taga yetadi. Oʻrtacha qatnov oraligʻi 30 daqiqani tashkil etadi, yillik tashiladigan yoʻlovchilar soni esa 750 million nafarga yetishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, senator Erkin Gadoyev avvalroq Transport vazirligiga murojaat qilib, Toshkentdagi tirbandliklarni kamaytirish va jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga birlashtirish masalalariga e’tibor qaratgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shota Rustaveli koʻchasida avtobus harakati 7-oktabrdan tiklanishi haqida xabar bergan edi.