Fizika boʻyicha Nobel mukofoti kvant mexanikasining yangi bosqichini ochgan olimlarga berildi

2025-yilda fizika boʻyicha Nobel mukofoti AQSh olimlari Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinisga topshirildi. Ular «elektr zanjirida makroskopik kvant-mexanik tunnellash va energiyani kvantlash hodisasini kashf etgani uchun» mukofotga loyiq topildi.
Nobel qoʻmitasining bayonotida ta’kidlanishicha, laureatlar oʻtkazgan tajribalar kvant olamining noodatiy qonunlari nafaqat mikroskopik, balki inson koʻzi bilan koʻrinadigan darajadagi tizimlarda ham amal qilishini isbotladi. Bu esa kvant mexanikasini nazariy soha darajasidan amaliy texnologiyalar bosqichiga olib chiqdi.
«Ushbu kashfiyotlar kvant texnologiyalarining yangi avlodiga yoʻl ochdi. Ularga kvant kompyuterlari, kriptografiya va datchiklar kiradi», deyiladi qoʻmita press-relizida.
Jon Klark (Kaliforniya universiteti, Berkl), Mishel Devore (Yel universiteti) va Jon Martinis (Kaliforniya universiteti, Santa-Barbara) oʻz tadqiqotlari orqali kvant qonunlari faqat elektron yoki foton singari zarrachalargagina emas, balki kattaroq jismoniy tizimlarga ham tatbiq etilishi mumkinligini amalda isbotladi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda fizika boʻyicha Nobel mukofoti Jon Xopfild va Jeffri Xintonga sun’iy neyron tarmoqlar va mashinali oʻrganish sohasidagi kashfiyotlari uchun berilgan edi.
An’anaviy «Nobel haftaligi» bu yil ham fiziologiya va tibbiyot sohasidagi eʼtiroflar bilan boshlandi. 2025-yilda ushbu yoʻnalishdagi mukofot Meri Brunkou, Fred Ramsdell va Shimon Sakaguchiga «periferik immunologik tolerantlik» borasidagi kashfiyotlari uchun topshirildi.
Keyingi kunlarda kimyo (8-oktabr), adabiyot (9-oktabr), tinchlik (10-oktabr) va iqtisodiyot (13-oktabr) boʻyicha Nobel mukofoti sohiblari e’lon qilinadi. Barcha laureatlar an’anaviy tarzda 10-dekabr kuni Shvetsiyaning Stokgolm shahrida boʻlib oʻtadigan tantanali marosimda taqdirlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Trampni tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga nomzod qilib koʻrsatgani haqida xabar bergan edi.