Toshkent metrosida tug‘ilgan chaqaloq va uning onasiga metro umrbod bepul bo‘ladi

Toshkent metrosida tug‘ilgan chaqaloq va uning onasiga metro umrbod bepul bo‘ladi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.
Unga ko‘ra, ona va uning farzandi uchun maxsus bepul metro kartasi topshirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali ular umrining oxirigacha Toshkent metrosidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
«Bu sovg‘a metro xodimlari fidoyiligi va insonparvarligi timsoli bo‘lib, poytaxt metropoliteni tarixida alohida o‘rin tutadi», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, ogohlik va jasorat ko‘rsatgan Naima Maxamadjona hamda hodisa vaqtida faol ishtirok etgan bir nechta metro xodimlari rag‘batlantirilishi belgilangan.
Avvalroq joriy yilning 6-oktabr kuni G‘afur G‘ulom metro bekatida chaqaloq dunyoga kelgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, dastlab metro bekatidagi navbatchi xodima Naima Maxamadjonovaga ichki ishlar xodimi tomonidan bir ayolning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar berilgan.
Xodima vaziyatni tezda baholab, o‘ziga o‘rgatilgan tibbiy ko‘nikmalardan foydalanib ayolga birinchi yordam ko‘rsatgan. U ayolning farzandini sog‘-omon dunyoga keltirishiga yordam bergan va chaqaloqning nafas olishini ta’minlab, zarur dastlabki parvarish choralarini ko‘rgan. Ayni paytda ona va chaqaloq sog‘lom, ular shifoxonaga yetkazilgan.